To‘ra Bobolov Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda Prezident administratsiyasiga yaqin “Nigoh” Telegram kanali.

To‘ra Bobolov (1970-yilda tug‘ilgan) mehnat faoliyatini viloyat davlat mulki boshqarmasida hisobchilikdan boshlagan. Keyinchalik Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi, viloyat hokimligida hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

U 2019-yilning may oyida Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. 2020-yil yanvarida viloyat hokimi lavozimiga rasman tasdiqlangandi.

2022-yil avgust oyida uning Angor tumani prokurorini haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalgandi. Unda hokim prokurorga vazifalarini bajarmagani, qolaversa, tashkilotlarga nisbatan jinoyat ishi ochgani uchun tanbeh bergan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi va Bosh prokuratura munosabat bildirgan.

sentabr oyida esa prezident viloyat hokimini ishdan bo‘shatishi haqida gapirgan. Davlat rahbari Angor tumani prokurori bilan bo‘lgan suhbatini ham eslab o‘tgan. “Charchagan bo‘lsang, seni ham ishdan olaman”, — degan o‘shanda Shavkat Mirziyoyev.

Oy oxirida esa To‘ra Bobolov prezident qarori bilan o‘zgalarni haqorat qilgani, hokimlarga qo‘yilgan talablarni bajarmagani va faoliyatini davlat siyosatiga mos ravishda tashkil etmagani uchun jarimaga tortilgan.

2022-yilning dekabriga kelib u boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan. Uning o‘rniga Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimov tayinlangan.

Oradan vaqt o‘tib, 2023-yilning fevral oyida Bobolov O‘zbekiston-Ozarbayjon ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida ko‘rinish bergan. Shunda u Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ish boshlagani ma’lum bo‘lgan.