19−26-iyul kunlari Transport vazirligi va “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati vakillaridan iborat delegatsiya jamoat transporti sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida Xitoyda bo‘lib qaytdi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Safar davomida Yutong Bus Co., Ltd, King Long, Magnetic North, Hikvision kompaniyalariga bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazilgan.

Xususan, Yutong Bus Co., Ltd kompaniyasi bilan uch tomonlama memorandum imzolangan. Tomonlar haydovchisiz harakatlanadigan avtonom transport vositalari sohasida o‘zaro hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga kelishib olgan.

Hikvision kompaniyasi vakillari bilan innovatsion videokuzatuv tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan integratsiyalashgan xavfsizlik yechimlarini taqdim etish bo‘yicha “Toshshahartransxizmat” bilan ikki tomonlama memorandum imzolangan.

Magnetic North kompaniyasi bilan esa aqlli transport tizimini yo‘lga qo‘yish masalalarida hamkorlik qilinadi. Xususan, kompaniya bilan O‘zbekistonning intellektual transporti bo‘yicha to‘liq yechimlarni taqdim etish, jumladan, ishlab chiqish, loyihalash, o‘rnatish, ishga tushirish, o‘qitish, texnik xizmat ko‘rsatish va takomillashtirish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolangan.