2023−2024 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 2023-yil 1-avgust kunidan boshlanadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.

Test sinovlari kuniga ikki smenada o‘tkazilib:

1-smenada — 08:00 dan 11:00 ga qadar;

2-smenada — 15:00 dan 18:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi.

Test sinovlari hududlardagi abituriyentlar soni va test sinovlari o‘tkaziladigan binolar sig‘imidan kelib chiqqan holda 11 kundan 13 kungacha davom etadi va 13-avgust kuni to‘liq yakunlanadi.

Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlandi.

Abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun “Abituriyent ruxsatnomasi”ni my.uzbmb.uz saytiga shaxsiy identifikatsiya raqami hamda pasport seriyasi va raqamini kiritgan holda olishlari mumkin.

Bu yil oliygohlarga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan 1 mln 18 ming 7 nafar abituriyentning 948 486 nafari test sinovida qatnashadi. Ularning yarmidan ko‘pi kunduzgi ta’limni tanlagan. Qolaversa, eng ko‘p — 33 721 nafar abituriyent har yilgidek O‘zbekiston milliy universitetiga o‘qishga kirish niyatida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari 92 ta yopiq inshootda o‘tkaziladi. Pandemiya tufayli jarayon 3 yildan buyon ochiq havoda tashkil etilayotgandi. May oyi boshida JSST koronavirus global favqulodda holat maqomini yo‘qotganini ma’lum qilgan.