Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Uzbekistan Airports kompaniyasiga taksilarning aeroportga kirishi uchun teng sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berdi. Uzbekistan Airports ushbu qarorni bekor qilishga erishmoqchi va kompaniya bu borada to‘liq axborotni e’lon qildi.

2022-yil avgust oyida Uzbekistan Airports E-auksion.uz saytida qonun hujjatlariga muvofiq — Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish terminalida taksi xizmati uchun joy ajratish bo‘yicha lot o‘rnatgan. Lotga bir qator majburiy hujjatlar, jumladan, texnik topshiriqlar biriktirilgan.

Unga ko‘ra, taksi xizmati benzin yoki elektr quvvatida ishlaydigan transport vositalariga ega bo‘lishi lozim, sababi aeroport hududida gaz qat’iyan taqiqlangan. Shuningdek, taksi xizmati yo‘lovchilardan barcha shakllarda to‘lovlarni qabul qilishni ta’minlashi kerak. Haydovchilarga ham majburiy talablar qo‘yilgan — yagona forma, ozoda ko‘rinish, o‘zbek, rus va ingliz tillari asosini bilish.

Uzbekistan Airports auksion haqida rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlarda, qator OAVda ham ma’lumotlar e’lon qilgan. Natijada aeroportda faoliyat yuritish huquqi uchun elektron auksionda uchta kompaniya ishtirok etgan. Bobur Diyor kompaniyasi esa g‘olib deb topilgan. Kompaniyaning talablarga muvofiqligi tekshirilgach, u bilan shartnoma tuzilgan. 2022-yil 12-sentabrdan aeroportda Airport Tashkent Taxi brendi ostida yagona taksi xizmati ish boshlagan.

2022-yil 23-dekabrda Raqobatni qo‘mitasi Uzbekistan Airports`ga litsenziyaga ega bo‘lgan barcha taksi kompaniyalarining talablarga javob beradigan mashinalari uchun aeroportga teng kirish huquqini ta’minlash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar bergan. Bugungi kunda Toshkent shahrida yuzlab taksi kompaniyalari mavjud bo‘lib, ularda minglab turli markadagi, turli yillarda ishlab chiqarilgan, turli holatda va gazda yuradigan avtomobillar mavjud.

Aeroportga kirishda ularning toifalangan obyektning talablariga muvofiqligini tekshirish shunchaki imkonsiz. Shu munosabat bilan Uzbekistan Airports taksilar bilan bog‘liq vaziyatni bartaraf etish va yo‘lovchilar murojaatlarini inobatga olib, taksi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yagona xizmatni tanlashga qaror qilgan. Aks holda, aeroportda tartibni ta’minlashning iloji yo‘q bo‘lgan.

Ushbu vajlar bilan Uzbekistan Airports qo‘mita qaroriga e’tiroz bildirish maqsadida Toshkent shahri tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Ammo sud bu dalillarni inobatga olmay, 28-martdagi qarori bilan qo‘mita ko‘rsatmalarini o‘z kuchida qoldirgan. 12-iyun kuni kompaniyaning qayta arizasi ham qanoatlantirilmagan.

“Sud va qo‘mita Uzbekistan Airports`ning yana bir qancha taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalarni auksionga qo‘yish qarorini hisobga olmagan. Yaqin kunlarda E-auksion.uz saytida yana uchta — Toshkent xalqaro aeroportining umumiy uchish zalida, CIP uchish zalida, shuningdek, mahalliy aviaqatnovlar terminalida yana bir nuqta ochish bo‘yicha lot joylashtiriladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarida qo‘shimcha xabar qilinadi”, — deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, yagona taksi xizmati faoliyat ko‘rsatgan yil davomida aeroport va ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga birorta ham shikoyat kelib tushmagan, aksincha, yo‘lovchilar doim ijobiy fikr bildirmoqda. Bir yil oldingi holatga qaytadigan bo‘lsak: ijtimoiy tarmoqlar va turli idoralarga, prezidentning virtual qabulxonasigacha aeroportni tozalash talabi bilan doimiy murojaatlar kelib tushgan. Eski mashinalar, odobsiz haydovchilar, qimmat narxlar, shuningdek, bir necha talonchilik va yo‘lovchilarni kaltaklash holatlari — bugun Uzbekistan Airports bularning barchasini hech bo‘lmaganda o‘z hududidan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Endi yo‘lovchi rasmiy taksi xizmatlaridan foydalanishi yoki taksi agregatorlari Yandeks, MyTaxi va hokazolarni eng yaqin avtoturargohga (terminaldan 50−100 metr masofada) chaqirishi mumkin, u yerda esa taksilar uchun 10 daqiqa bepul turish vaqti beriladi.

Bundan tashqari, Uzbekistan Airports Oliy sudga kassatsiya shikoyati bilan, shuningdek, taksi xizmatlari uchun yangi kompaniyalarni tanlash yo‘li bilan qo‘mitaning buyrug‘ini bekor qilish uchun murojaat qilmoqchi.