Iyul oyida Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoni qamrab olgan haddan tashqari issiqlik to‘lqinida insoniya faoliyati natijasida ro‘y bergan iqlim o‘zgarishi muhim rol o‘ynadi. Ekstremal iqlim hodisalarini o‘rganish bo‘yicha World Weather Attribution loyihasining xalqaro olimlar guruhi shunday xulosaga keldi.

Tadqiqotda qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda ushbu hududlarda kuzatilgan halokatli issiqlik to‘lqinlari texnogen iqlim inqirozi bilan bog‘liq bo‘lib, bu qazilma yoqilg‘ilarning yonishi natijasida yuzaga kelgan global isishsiz ro‘y bermagan bo‘lar edi.

“Agar insonning iqlimga ta’siri bo‘lmaganida, dunyoda haroratning bunday ko‘tarilishi uchun sharoitlar juda kichik bo‘lar edi”, — deyiladi tahlilda. Olimlarning fikricha, issiqxona gazlari chiqindilari Yevropada havo haroratining 2,5 darajaga, Shimoliy Amerikada 2 darajaga, Xitoyda esa 1 darajaga oshishiga olib keldi.

Tadqiqotga ko‘ra, agar o‘rtacha global harorat sanoatdan oldingi ko‘rsatkichdan 2 darajaga ko‘tarilsa, har 2−5 yilda bir marta issiqlik ekstremallari sodir bo‘lishi mumkin. Dunyo allaqachon 1,1 darajaga qizgan.

Tahlil o‘tkazishda olimlar, shuningdek, mashhur El-Nino tabiat hodisasining rolini ham hisobga oldilar va bu issiqlikning oshishiga hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishdi, ammo asosiy sabab — qazib olinadigan yoqilg‘ining yonishi.

Avvalroq BMTning Butunjahon meteorologiya tashkiloti iyul oyining birinchi haftasi Yer yuzida rekord darajada issiq bo‘lganini ma’lum qilgandi. Bu davrda dengiz sathining harorati misli ko‘rilmagan darajaga yetdi.

Meteorologlar yaqin oylarda kutilayotgan ekstremal ob-havodan ogohlantirdi. Bundan tashqari, VMO prognozlariga ko‘ra, 98 foizlik ehtimol bilan, keyingi besh yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ladi. Bunga antropogen omil, ya’ni issiqxona gazlari chiqindilari va tabiiy omil — El-Ninoning boshlanishi yordam beradi, deya ta’kidladi tashkilot.