Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekiston fuqarolariga Rossiyaning ushbu davlatga qarshi urushida qatnashmaslik va Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqirgan murojaatini e’lon qildi.

Murojaatda aytilishicha, Rossiya “Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida olib borilayotgan jangovar harakatlar chog‘ida… shaxsiy xodimlarining katta yo‘qotishlari tufayli” Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun xorijiy fuqarolarni jalb qilishga urinmoqda.

“Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, ishg‘ol qilingan Donetsk viloyati Gorlovka shahrida joylashgan Rossiya bosqinchi kuchlarining bo‘linmalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari borligi aniqlangan”, — deyiladi elchixona xabarida.

O‘zbekistonliklar Ukraina chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, qurilish ishlarini olib borish uchun kelgani aniqlangan. Mariupolga yetib kelganidan so‘ng ularning pasportlari olib qo‘yilgan va bu fuqarolar ko‘ngillilar sifatida safarbar qilingan.

Elchixona O‘zbekiston fuqarolari e’tiborini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratdi: “Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzda qatnashgan chet el fuqarolari Ukraina milliy qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi”.

Elchixona, shuningdek, “Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida har qanday faoliyatda qatnashish uchun Ukraina davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga yo‘l qo‘yilmasligini” ta’kidladi.

“Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlariga, jumladan, qurilish yoki boshqa ishlarda qatnashish uchun noqonuniy ravishda kelgan xorijlik fuqarolar bosqinchilarning sheriklari sifatida ko‘rib chiqiladi va Ukraina qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi”, — deyiladi diplomatik vakolatxona xabarida.