Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim maktablarini zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalari vazirligi 2024-yil 1-yanvarga qadar umumta’lim maktablari uchun yuqori tezlikda va cheklovlarsiz kirish imkonini beradigan yangi tarif rejasini ishlab chiqishi ko‘zda tutilgan.

Bunda, ta’lim muassasalarida 400 nafargacha o‘quvchisi bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida internet tezligi kamida 40 Mbit/s, o‘quvchilar soni 400 nafardan ko‘p bo‘lganlarda — kamida 100 Mbit/s bo‘ladi.

“New Education” tarif rejasining har bir tezlikdagi paketi uchun har oylik abonent to‘lovi miqdorlarini belgilash va bunda ta’lim tashkilotlari tomonidan internet xizmatlaridan tungi vaqtda foydalanilmasligi inobatga olinadi.

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi internetga ulash hamda yil davomida uzluksiz ishlashi uchun zarur mablag‘larni o‘z vaqtida mahalliy budjetdan moliyalashtirib borishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 1-dekabrga qadar xalqaro tajribalarni o‘rgangan holda ta’lim muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish maqsadida STEM fanlaridan elektron ta’lim kontentlari va virtual laboratoriya ishlarini yaratish choralarini ko‘rish topshirildi.