Toshkent viloyati Ohangaron tumanida 2023-yilning noyabr oyi oxiriga qadar yangi maishiy chiqindi poligoni ishga tushiriladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi tomonidan tashkil etilgan press-turda ishtirok etgan “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Ohangaron chiqindi poligoni 1966-yilda qurilgan bo‘lib, umumiy maydoni 59 gektar, poligonning o‘zi 40 gektardan iborat. Hozirgacha bu yerda 30 mln tonnaga yaqin chiqindi ko‘milgan. Poligonga bir kunda Toshkentning o‘zidan 2500 tonnagacha chiqindi olib chiqiladi.

2019-yilning iyun oyida prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur poligon 98 foizga to‘lganini ma’lum qilib, uni yopish va yangisini qurish kerakligini aytgandi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu atrof-muhit tozaligi, aholi salomatligi uchun muhim masala.

2023-yilga kelib, poligon yaqinidagi maydonda 17 mln dollar evaziga Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida 30 gektarli yangi poligon qurilmoqda. U 2023-yilning noyabr oyi oxiriga qadar ishga tushadi va undan 15−20 yil mobaynida foydalanish mumkin bo‘ladi.

“Yangi poligonimiz dunyo standartlariga mos keladi, to‘rt qavatli himoya plyonkalari o‘rnatiladi, tabiatga zarar keltirmaydi. Uning tagida metan gaz olish uchun maxsus quvurlar ham qurilyapti. Shu bilan birga, chiqindini zichlaganda chiqadigan suyuqliklar maxsus nasoslar orqali tortiladi. Shu tariqa yer ostiga hech qanday zarar yetkazilmaydi”, — dedi “Chiqindilarni qayta yuklash va utilizatsiya qilish” DUK rahbari Rafael Mikulin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi Ohangaron poligoni Koreyaning Sejing kompaniyasi mablag‘lari asosida rekultivatsiya qilinadi. Unga o‘rnatiladigan quvurlar orqali hosil bo‘lgan metan gazlari tortib olinadi va undan elektr energiyasi olinadi.

Uydan chiqqan chiqindi qayerga ketadi?

Xonadonlardan chiqayotgan chiqindilar dastlab mahallalardagi yig‘ish punktlari — chiqindiхоналарда to‘planadi. “Maxsustrans” mashinalari ularni yig‘ib, qayta yuklash stansiyalariга olib boradi. Toshkentdagi uchta qayta yuklash stansiyasi bo‘lib, ular Yunusobod, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida joylashgan. Stansiyalarga keltirilgan chiqindilar konteynerlarga zichlab joylashtirilgach, oxirgi manzil ─ Ohangaron poligonига olib boriladi.

Toshkent shahar “Maxsustrans” ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismoil Sagdullayevning aytishicha, poytaxtda kuniga 2300 tonnagacha chiqindi chiqadi. Boshqarmaning 260 ta maxus mashinasi shaharning 72 foiz qismiga xizmat ko‘rsatadi. Aholi tomonidan belgilanmagan joylarga tashlab ketilgan chiqindilarni yig‘ish uchun navbatchi transportlar ham faoliyat yuritadi.

Bu yerda yig‘ilgan chiqindilar maxsus texnikalar yordamida zichlanadi. Maxsus konteynerlarga joylanib, Ohangarondagi poligonga jo‘natiladi. Poligonda esa chiqindi to‘kiladi, buldozerlar orqali surilib, belgilangan miqdorda yoyib chiqiladi, ustidan tuproq bilan yopilib, rekultivatsiya qilinadi.

O‘zbekistonda qancha chiqindi poligoni bor?

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bosh mutaxassisi Umar Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda respublikada 160 ta maishiy chiqindi poligoni faoliyat yuritadi. Avval bo‘lgan 243 ta poligondan 47 tasi to‘lgani va ayrim talablarga javob bermagani sababli yopilgan. Yana 25 tasi yopishga tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, yana 8 ta poligonni yopib, hokimiyat zaxirasiga o‘tkazishga tayyorlab qo‘yilgan.

Prezident 2022-yilning fevralida hududlar rahbarlariga resursini o‘tab bo‘lgan maishiy chiqindi poligonlarini jami 165 gektar maydondagi 24 tasini 1-mayga qadar ko‘mish choralarini ko‘rishni topshirgandi. Shuningdek, mutasaddilarga poligonlarni rekultivatsiya qilish dasturini ishlab chiqib, tegishli ishlarni boshlash buyurilgan.

Prezidentning 2023-yil 31-maydagi farmoniga muvofiq “Toza hudud” davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari Ekologiya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Vazirlikning umumiy shtatlari doirasida yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasasi shaklidagi “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tashkil etilishi belgilangan.

Xususan, farmon bilan 3 ta chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari barpo etilishi, shuningdek, 103 ta chiqindi yig‘ish shoxobchalari qurilishi va 558 ta chiqindi konteynerlari o‘rnatilishi rejalashtrilgan.