17-iyul kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov barcha davlat xizmatchilariga o‘z ishida qirg‘iz tilidan foydalanish majburiyatini yuklagan davlat tili haqidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qonunning yangi tahririga ko‘ra, davlat idoralari faoliyati, hujjat aylanishi, sud ishlarini yuritish, xalqaro shartnomalar, geografik nomlar, shuningdek, ta’lim, fan, madaniyat va ommaviy axborot vositalari kabi 11 ta yo‘nalish va sohalarda qirg‘iz tilidan foydalanish ham majburiy bo‘ladi. Xususan, teleradioeshittirishlar hajmi kamida 60 foizni tashkil etishi kerak.

Bundan tashqari, qirg‘iz tili kompyuter dasturlari interfeyslari, ommaviy tadbirlar, reklama, transport va mijozlarga xizmat ko‘rsatishda majburiy bo‘ladi.

Deputatlar, Milliy bank xodimlari, ichki ishlar organlari xodimlari, sudyalar, prokurorlar, advokatlar, notariuslar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarishda qirg‘iz tilini bilishlari shart.

Qonunda ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston “o‘z hududida yashovchi barcha etnik guruhlar vakillarining tillaridan erkin foydalanish tamoyiliga amal qiladi va bu tillarning rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratilishini kafolatlaydi”. Shuningdek, u mamlakatda rus tilining rasmiy maqomida qolayotganini belgilaydi.

Avvalroq Sadir Japarov qirg‘iz tilini rivojlantirish zarurligi haqida gapirgan edi. “Qirg‘iziston Respublikasida davlat tili barcha fuqarolarni birlashtiruvchi asosiy omil bo‘lishi kerak. Qirg‘iz xalqi qirg‘iz tilida so‘zlashi, yozishi va fikrlashi uchun shart-sharoit yaratib berishimiz kerak”, — deya hujjatlarni davlat tilida yuritishga chaqirdi.