O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etish uchun joriy yil 18−19-iyul kunlari Jiddada bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Saudiya Arabistoni Podshohligi, Bahrayn Podshohligi, Qatar Davlati, Kuvayt Davlati, Birlashgan Arab Amirliklari, O‘mon Sultonligi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston rahbarlari hamda kengashning bosh kotibi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Kun tartibiga muvofiq, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.