O‘zbekistonning yangi saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni parlament palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod qildi va inauguratsiya marosimida nutq so‘zladi (video).

Odamlar endi bizdan yangi amaliy ishlarni kutyapti. Millionlab insonlar — ota-onalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz bugun bizga umid va ishonch bilan ko‘z tikib turibdi”, — dedi prezident (uning matbuot kotibi Sherzod Asadovdan iqtibos).

“Ana shunday umid va ishonchni oqlash, erishgan yutuqlarimizni yangi natijalar bilan mustahkamlash bizning nafaqat vazifamiz, balki insoniy burchimizga aylanishi shart”, — dedi u.

Davlat rahbari barcha darajadagi rahbarlar “chiroyli, balandparvoz gapiga qarab” emas, balki faoliyatining aniq natijalariga ko‘ra baholanishini ta’kidladi.

“Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qo‘pol munosabatda bo‘ladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan — u vazir yoki hokim bo‘ladimi, boshqa mas’ul vazifadagi amaldor bo‘ladimi — salbiy harakatlari bilan davlat obro‘siga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz”, — dedi prezident.

Ularning o‘rnini “bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlar” egallaydi.

“Safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda… Bu — haqiqat! Buni hamma sezishi, bilishi kerak. Buni sezmagan rahbarning kelajagi bo‘lmaydi”, — dedi u.

O‘zbekiston byurokratiya va korrupsiyadan xoli davlatga aylanishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Kelgan islohotchi, sarmoyador O‘zbekistonda demokratik tizim [mavjud] ekanini, O‘zbekiston ochiqligini, byurokratiya yo‘qligini bilishi kerak. Eng muhimi, korrupsiya yo‘q desa, barcha ishimiz xalqqa va’da berganimizdek bo‘ladi. Hurmatli senatorlar, deputatlar, bugungi tantanali majlis qatnashchilari, vakillarimiz, bularning barchasi o‘z qo‘limizda ekanini bilishimiz kerak. Agar biz zamon talablariga javob beradigan qonun va farmonlarni qabul qilsak, albatta, buning birinchi qadamlarini qo‘ydik Lekin odamlar hayotimda, hovlimda, ko‘chamda, mahallada, tumanda, viloyatda nima yangilanadi, nima o‘zgaradi, degan savolni berib, diqqat bilan ko‘z tikib turibdi”, — dedi u.

Hamma tizimimiz o‘zgaradi”, — dedi davlat rahbari. “O‘zgarmaganlarni o‘zgartirishga majbur qilamiz. O‘zgarmasa, ular bilan xayrlashamiz. Nega desangiz, zamonning talabi shu”, — dedi prezident.

Davlat rahbari “ertangi kunning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini” yoshlarda ko‘rayotganini aytdi.

“Ularga salgina tajriba yetmayapti. Hamma sohaga ular muovin yoki yordamchi qilib tayinlansa, olti oy, bir yil, ikki yildan keyin mohir boshqaruvchi bo‘ladi. Ular vatanparvar, ular musofirlik nimaligini, ilm nimaligini, Vatan nimaligini, Vatan sog‘inchi nimaligini his etib qaytib keldi”, — dedi davlat rahbari.

Ayni shu nutqida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda konstruktiv muxolifat faoliyati, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatish huquqlari kafolatlanishini ta’kidladi.