“Biokimyo” va “Andijon biokimyo zavodi” aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlandi, deya xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Agentlik aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish bosqichi boshlanganini e’lon qildi.

“Biokimyo” AJ o‘zining ko‘p yillik tarixi davomida Markaziy Osiyoda etil va oziq-ovqat spirtining asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lib kelgan. Kompaniya 2007-yilda tashkil etilgan bo‘lib, sanoat va nosanoat obyektlariga ega korxonaning umumiy maydoni 18,92 gektarni tashkil etadi.

Uning ustav fondi 9,6 mlrd so‘m, ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 1,83 mln dekalitrni tashkil etadi.

“Andijon biokimyo zavodi” AJ ham ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha tarmoqdagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Korxona 1953-yilda Andijon viloyati Andijon shahrida tashkil etilgan. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy turlari oziq-ovqat etil spirti, xamirturush va boshqa mahsulotlari sanaladi. Uning ustav fondi 24 mlrd so‘m, ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 1,83 mln dekalitr.

Bitimlar yuzasidan agentlikning xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchisi Abrau Capital kompaniyasi hisoblanadi. Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan raqobat tamoyillariga asoslangan xususiylashtirish mexanizmi orqali amalga oshirilishi aytilgan.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralanadi:

  • davlat ulushini sotib olish uchun to‘lovga qobiliyatliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin bo‘lgan ma’muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yo‘qligi;
  • O‘zbekistonning 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuniga rioya etilishi.

Shuningdek, talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a’zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi lozim.

Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs (lar) yoki yuqorida aytib o‘tilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti (yoki obyektlaridan biri) bo‘lmasligi kerak.

Talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium a’zolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib o‘tilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid bo‘lgan har qanday faoliyatga (to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki biron bir shu’ba korxonasi orqali) jalb etilmagan bo‘lishlari lozim va talabgor (konsorsium holatida, konsorsium a’zolaridan hech biri), shuningdek, uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari bo‘lmasligi lozim.

Aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish bosqichidan muvofaqqiyatli o‘tgan talabgorlar xususiylashtirish jarayonlarining majburiyatga ega bo‘lmagan taklif qabul qilish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilinadi va ularga bu bosqich jarayonlari to‘g‘risidagi xat yuboriladi.

Agentlik, shuningdek, sotish jarayonining ketma-ketligini o‘zgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan, istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qilgan.

Avvalroq 2022-yil 21-sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishib, kimyo zavodlaridagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.