12-iyul kuni Bishkek shahar sudi Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi va “Azattiq Media” o‘rtasidagi kelishuv bitimini tasdiqlab, nashrni yopish haqidagi qarorni bekor qildi. “Azattiq” radiosi — Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi (RFE/RL) saytida bu haqda so‘z boradi. “Azattiq” sayti O‘zbekistonda ochilmaydi.

Nashrning xabar qilishicha, sudga da’vo kiritilishiga sabab bo‘lgan video hozirda RFE/RL saytlarida mavjud emas, chunki mediakorporatsiya resurslarida kontentni saqlash bo‘yicha umumiy protokollarga kiritilgan o‘zgarishlar tufayli materiallar “cheksiz saqlanmaydi”.

“Sudning kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorini inobatga olgan holda [Madaniyat] vazirlik Qirg‘iziston Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligiga „Azattiq“ sayti faoliyatini qayta tiklash zarurligi haqida xat yuboradi”, — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi, o‘z navbatida, “Azattiq Media” vazirlik sudga berishiga sabab bo‘lgan qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro haqidagi videoni “barcha manbalarida o‘chirib tashlaganini” ma’lum qildi.

“Azattiq”ni yopishga qanday urinishdi?

Madaniyat vazirligining sudga da’vo kiritishiga “Nastoyaeye vremya” (“Hozirgi zamon” — RFE/RL xoldingi tarkibiga kiruvchi) telekanalining 2022-yil 16-sentabrda “Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida og‘ir janglar” sarlavhasi ostida lavha chiqarilishi sabab bo‘lgan. Madaniyat vazirligiga ko‘ra, materialda Qirg‘izistonning “milliy manfaatlariga zid” “noto‘g‘ri ma’lumotlar” mavjud.

Ma’lumot uchun: 2022-yil sentabrida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegarada harbiy mojaro kelib chiqqan, natijada jami 94 kishi halok bo‘lgan, 150 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Tomonlar hujumda bir-birini aybladi.

Mart oyida Human Rights Watch tashkiloti har ikki davlat kuchlari tinch aholini o‘ldirish va yaralashda ishtirok etgani hamda ularning harakatlari urush jinoyati bo‘lishi mumkinligi haqida hisobot e’lon qildi.

“Nastoyaego vremeni” reportajida jurnalistlar mojaroning har ikki tomonidagi manbalardan foydalangan, shuningdek, Tojikistondagi odamlarga so‘z bergan, deb yozadi BBC.

2022-yil oktabr oyi oxirida Madaniyat vazirligi nashr videomaterialni olib tashlamagani uchun “Azattiq” radiosi sayti faoliyatini ikki oyga to‘xtatib qo‘ydi. Vazirlikning bildirishicha, materialda “qirg‘iz tomonining Tojikistonga hujum qilgani haqidagi tasdiqlanmagan ma’lumotlar” “fuqarolar o‘rtasida nafrat, kamsitish va bo‘linishga sabab bo‘ladi”. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi talabi bilan “Azattiq Media” akkauntlari bloklandi.

Dekabr oyida Madaniyat vazirligi nashr materialni olib tashlamaguncha, “Azattiq” bloklanishi muddatini uzaytirishga qaror qildi. Yanvar oyida esa “Azattiq Media” ustidan sudga murojaat qilib, tashkilotni yopishni talab qildi.

Aprel oyida Bishkekning Leninskiy tuman sudi Madaniyat vazirligining “Azattiq”ning OAV sifatida faoliyatini tugatish haqidagi da’vosini qanoatlantirdi.

Amnesty International tashkiloti “Azattiq”ning yopilishini Qirg‘izistonda “so‘z erkinligiga jiddiy zarba” deb atadi.

“Qirg‘iz rasmiylarining „Azattiq“ radiosi tomonidan e’lon qilingan video nafratni targ‘ib etayotgani haqidagi da’vosi faqat mustaqil ommaviy axborot vositalarini yopish uchun yolg‘on bahona bo‘ldi”, dedi o‘sha paytda Amnesty International tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Strazers.

Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi esa “Azattiq”ning yopilishi “mamlakat mustaqil matbuoti uchun dahshatli signal bo‘lib, Qirg‘iziston rasmiylari o‘z mamlakatini qaysi yo‘nalishga olib ketmoqchi ekani borasida jiddiy savollar tug‘diradi”, deya ma’lum qildi.

Kelishuvga erishilgani bo‘yicha munosabatlar

Qirg‘iziston prezidentining matbuot kotibi Sadir Japarov Erbol Sultanbayevning qayd etishicha, “Azattiq Media” va Madaniyat vazirligi o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi “yana bir bor mamlakatda hech kim so‘z erkinligini buzmasligi yoki u yoki bu OAVni kamsitmasligidan darak beradi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov “Azattiq” radiosining yangi bosh direktori Jeffri Gedmindan chegaradagi mojaroga oid materiallar hozirda mavjud emasligi haqida xat olgan.

Sultanbayevning qo‘shimcha qilishicha, “yolg‘on ma’lumot tarqatishni taqiqlovchi mamlakat qonunlariga istisnosiz hamma rioya qilishi kerak”. “Men har doim aytganman va takrorlayman — bizda so‘z erkinligi bor edi, bor va bo‘ladi”, — deb yozadi u.

AQShning Qirg‘izistondagi elchixonasi ham sudning “Azattiq Media”ga qarshi ishni bekor qilish haqidagi qaroriga izoh berdi.

“„Azattiq“ radiosining qayta ochilishi matbuot erkinligi uchun muhim va Qirg‘iziston Respublikasida barcha ovozlar eshitilishini ta’minlash uchun to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadamdir”, — deyiladi elchixona bayonotida.