Toshkent shahrida ikki ayol va bir erkak Janubiy Koreya fuqarolari yashaydigan xonadonda bosqinchilik uyushtirdi, deya xabar qilmoqda Tergov departamenti.

2023-yilning 30-iyun kuni taxminan soat 13:50 da 3 nafar noma’lum shaxs Yakkasaroy tumani “Dilbuloq” mahallasida ijarada yashab kelayotgan 61 yoshli Janubiy Koreya fuqarosi N.X. va unig qizi 37 yoshli K.M.lar xonadoniga bostirib kirgan.

Ular xonadon eshigini ochishgan vaqtda qo‘llarida bo‘lgan oshxona pichog‘i va qaychi bilan uy egalariga tahdid qilib, xonadonda bo‘lgan 3 dona uyali telefon apparatlari, 1 dona planshet, 1 dona noutbuk, 1700 AQSh dollari va 1,5 mln so‘m pul mablag‘larini egallab, hodisa bo‘lgan joyidan yashirinishgan.

Ushbu holatdan so‘ng, K.M. qonunbuzarlarni taqib qilib, ko‘chada yordam so‘raganligi sababli, mazkur hududda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan bosqinchining biri ushlangan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni Toshkent viloyatida yashovchi muqaddam sudlangan 39 yoshli D.A., uning birga yashovchi turmush o‘rtog‘i 22 yoshli L.A. va Toshkent shahar Yangihayot tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 29 yoshli A.R.lar (ayol) sodir etganliklari aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan D.A., L.A. va A.R.larga nisbatag Jinoyat kodeksning 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan holda bosqinchilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda, ushbu shaxsning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Tergov davom etmoqda.