Yanvar oyida O‘zbekistonda piyoz eksporti 4 oyga to‘xtatilgandi. Keyinchalik 15-martdan boshlab narx barqarorlashgani sababli bu mahsulot eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov bekor qilindi. Shundan so‘ng mahsulot rekord hajmda tashqi bozorlarga yetkazib berildi, deya xabar bermoqda Eastfruit.

Piyozning asosiy xaridorlari Qozog‘iston va Rossiya bo‘lib, ularning hissasiga umumiy eksport hajmining deyarli 90 foizi to‘g‘ri keladi. Dastlabki savdo statistik ma’lumotlariga ko‘ra, eksport cheklovi bekor qilingan kundan boshlab 3,5 oy davomida tashqi bozorlarga 222,8 ming tonna piyoz jo‘natildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 53 foizga ko‘p hisoblanadi.

Shu bilan birga, joriy mavsumda ushbu mahsulotlar eksporti geografiyasi keskin kengayganiga qaramay, mart-iyun oylarida piyoz umumiy eksportining 95 foizi YeOII mamlakatlari bozorlariga to‘g‘ri kelgan:

  • Qozog‘iston — 129,4 ming tonna (umumiy eksportning 58,1%);
  • Rossiya — 70,1 ming tonna (31,4%);
  • Qirg‘iziston — 8,1 ming tonna (3,6%);
  • Belarus — 4,8 ming tonna (2,1%).

Piyoz eksportining qolgan qismi import qiluvchi davlatlar o‘rtasida quyidagicha taqsimlangan:

  • Latviya — 3,3 ming tonna;
  • Polsha — 2 ming tonna;
  • Afg‘oniston — 1,6 ming tonna;
  • Ukraina — 1,2 ming tonna;
  • Tojikiston — 473 tonna;
  • Litva — 445 tonna;
  • Turkmaniston — 331 tonna;
  • Gruziya — 308 tonna;
  • Estoniya — 282 tonna;
  • Moldova — 276 tonna;
  • Boshqa mamlakatlar — 263 tonna.

Nashrga ko‘ra, 2023-yilning 26-mayidan 16-iyuniga qadar joriy yil hosili piyozining o‘rtacha ulgurji narxi kilogramiga 4500 so‘mdan 2500 so‘mgacha, ya’ni uch hafta ichida 44 foizga tushdi. Bunday narx dinamikasining asosiy omili ichki bozorda yetarlicha taklif hajmini saqlab qolgan holda tashqi bozorlarda o‘zbek piyoziga talabning pasayishi bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Avvalroq qishdagi anomal sovuqda Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi piyoz hosilining yo‘qotilishi Rossiyada bu sabzavot narxining keskin oshishiga olib kelgani xabar qilingandi. May oyida Rossiyada piyozning o‘rtacha narxi kilogramiga 73,3 rublga yetdi. Mamlakatga eng ko‘p piyoz yetkazib beruvchi davlatlardan biri O‘zbekiston hisoblanadi.