Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga roziligini bildirdi. Bu haqda alyans rahbari Yens Stoltenberg Litvada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan NATO sammiti arafasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda BBC.

Stoltenberg kelishuv haqida Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdog‘an, Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lumot bergan.

Shuningdek, NATO bosh kotibi o‘zining Twitter sahifasida Erdog‘an “Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishini ratifikatsiya qilish protokolini imkon qadar tezroq parlamentga yuborishga va uning ratifikatsiya qilinishini ta’minlashga rozi bo‘lganini” yozdi.

“Bu barcha NATO ittifoqchilarini yanada kuchliroq va xavfsizroq qiladigan tarixiy qadamdir”, — dedi alyans bosh kotibi.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jo Bayden ham Turkiyaning bu qarorini olqishlashini ma’lum qildi.

CNN Türk telekanali bergan xabarga ko‘ra, Shvetsiyaning NATOga kirishi haqidagi arizasi Turkiya parlamentining kuzgi sessiyasida ma’qullanishi kutilmoqda. Mazkur sessiya 1-oktabrda boshlanadi.

Turkiyaning Anadolu davlat agentligi mamlakat Shvetsiyaning NATOga a’zoligi haqidagi protokollarni parlament ko‘rib chiqishi uchun yuborishini va “ularning ma’qullanishi uchun yaqindan hamkorlik qilishini” qayd etdi.

O‘z navbatida, Shvetsiya Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi va viza rejimini liberallashtirish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga va’da bergan, Turkiya terrorchi deb hisoblagan tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Shvetsiya 2022-yil yozida Finlyandiya bilan birgalikda NATOga kirish uchun ariza topshirgan. Bu mamlakatlar Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishi fonida ittifoqqa qo‘shilishga qaror qilgan. Qoidaga ko‘ra, NATOga a’zo bo‘lish uchun nomzod davlatning arizasi alyansning barcha a’zolari tomonidan ma’qullanishi kerak.

Finlyandiya 2023-yil aprel oyida NATOga qo‘shildi. Bu mamlakatning harbiy blokka qo‘shilishiga Turkiya oxirgi bo‘lib rozilik bergan.

Shvetsiyaning ittifoqqa kirishiga Turkiya bir qancha shartlar qo‘yib, qarshi chiqqan. Xususan, Turkiya bu mamlakatdan Anqara terrorchilikda ayblayotgan shaxslarni ekstraditsiya qilishni, Turkiya terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi “faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaslikni” talab qilgan.

10-iyul kuni Reuters Erdog‘an Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ko‘rib chiqishni ma’qullash uchun uning mamlakati Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishini so‘rayotganini xabar qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO davlatlari Ukrainaning harbiy blokka a’zo bo‘lish bo‘yicha arizasini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishga kelishgan.