6-iyul kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi zavodda bojxona organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 228 ming 144 quti tamaki mahsulotlari yoqib yuborildi. Unda ishtirok etgan “Gazeta.uz” muxbiri jarayondan fotoreportaj tayyorladi.

Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-sonli qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yo‘q qilib tashlanishi belgilangan.

E’tiborli jihati, yoqib yuborilgan tamakilarning bari bitta xonadondan topilgan. 2023 yilning 22-fevral kuni poytaxtning Mirobod tumanidagi uyda xorijda ishlab chiqarilgan va noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 144 turdagi 228 ming 144 quti tamaki saqlanayotgani aniqlangan. Tekshirishlarda ularning umumiy qiymati 3,3 mlrd so‘m ekani ma’lum bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining 15-iyundagi hukmiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil tariqasida olingan mazkur tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish belgilangan.

Tamaki bilan bog‘liq raqamlar

Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilda bojxona organlari tomonidan 338 ta huquqbuzarlik holatida 19,8 mlrd so‘mlik 1 mln 619 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yilgan.

Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 85 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek, 253 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.

2023-yilning 6 oyida esa bojxona organlari tomonidan 155 ta huquqbuzarlik holatida 37,5 mlrd so‘mlik 1 mln 610 ming quti sigaret tovarlarining noqonuniy realizatsiyasiga chek qo‘yilgan.

Mazkur huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bojxona organlari tomonidan 53 ta holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, shuningdek, 90 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilib, ko‘rib chiqish uchun sudlarga yuborilgan.

2022-yilda noqonuniy muomaladan olingan 1 mln qutidan ortiq, 2023-yilning o‘tgan davrida esa 100 ming qutidan ziyod sigaret tovarlari belgilangan tartibda yo‘q qilingan.

Tamakilarni noqonuniy olib kirishga urinish

Tahlillarga ko‘ra, respublika hududiga tamaki mahsulotlarini asosan Turkiya, Rossiya, BAA, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan noqonuniy tarzda olib kirilmoqda. Ichki hududlar kesimida tahlil qilinsa, aniqlanayotgan eng ko‘p noqonuniy sigaret mahsulotlari Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

bojxona qo‘mitasi, tamaki mahsulotlari

Huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan sigaretlarning asosiy qismini Milano, Esse, Mond, Cavallo, Parlament, Heets, Marlboro kabi sigaretlar tashkil qilmoqda.

Tamakilar nega yoqib yuboriladi?

Brifing davomida idoralar vakillariga olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlari nega yoqib yuborilishi, bu yagona yechim ekani yoki yo‘qligi borasida savol berildi.

Majburiy ijro byurosi vakili bu ishlar Vazirlar Mahkamasi qarori bilan amalga oshirilishini ta’kidladi. Adliya vazirligi vakili esa masalaning boshqa tomoniga to‘xtaldi.

bojxona qo‘mitasi, tamaki mahsulotlari

“Olib qo‘yilgan mahsulotlar biror brend nomidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan. Agar bu nom ostida savdoga chiqarib yuborsak, brendning nomiga ta’sir qiladi. Chunki ushbu mahsulotlar sifat darajasidan ham talabga javob bermaydi”, — dedi vazirlikning Intellektual mulk agentligi boshqarma bosh maslahatchisi Abror Qodirov. U bunday mahsulotlarni yo‘q qilish eng optimal chora ekanini bildirdi.

Brifingda, shuningdek, tamaki mahsulotlarining noqonuniy bozori o‘sib borayotgani haqida savol berildi. Jumladan, 2022-yil oktabr oyida O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy bozori so‘nggi ikki yilda 4 foizdan 15 foizga o‘sgani ma’lum qilingandi. Bu vaziyatni izohlar ekan, Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Ibragimov raqamlarni “nisbiy” deb atadi.

“Bu raqamlar qayerdan shakllantirildi, bu raqamni e’lon qilishdan oldin O‘zbekiston aholisi jon boshiga bir yilda nechta sigaret iste’mol qiladi, ehtiyoj qancha [ekanini aniqlash kerak]. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar shu ehtiyojning necha foizini qoplaydi? Rasmiy import hisobidan qancha ehtiyoj qoplanadi? Qolgan qismi — noqonuniy import — aylanma yo‘llar orqali kirib kelyapti. Shuning uchun mana shu 4 foizdan 15 foizga o‘sdi, degan qat’iy fikrni hisob-kitoblarga asoslanib aytish kerak. Bu hisobot… ayrim nodavlat-notijorat tashkilotlar bor, ular tashlangan bo‘sh qutining hisob-kitobini olib boradi. Ko‘chada yotgan, burchaklarda turgan bo‘sh qutilarni hisoblaydi. So‘ng o‘rtacha hisobdagi chekadigan aholi jon boshiga hisoblab, uning butun respublika bo‘yicha foizini chiqarishga harakat qiladi. [Bu] nisbiy ma’nodagi ko‘rsatkich. Shuning uchun teskari sanoqni amalga oshirish orqali aytilgan raqamlarga aniqlik kiritsak, yaxshi bo‘lardi”, — dedi u.