3−7-iyul kunlari Toshkentda “Yangi O‘zbekistonda taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” mavzusida Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasida 5-iyul kuni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi va zamonaviy tibbiyot tizimi rivojiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.

Tadbir yakunida “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatlashar ekan, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot yo‘nalishiga o‘qishga kirishda ham “superkontrakt” mavjudligiga o‘z munosabatini bildirdi.

“„Superkontrakt“ masalasida, albatta, fikrim ijobiy emas. Tibbiyotda o‘qish osonmas. Mana, hozir nima uchun tibbiy ta’limni to‘liq transformatsiya qilyapmiz? [Tibbiyot yo‘nalishidagi talaba] endi ikki bosqichda imtihon topshiradi. Uchinchi kurs tugaganidan keyin fundamental fanlar bo‘yicha birinchi imtihonni topshiradi. Ushbu imtihonni o‘sha oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari emas, umuman boshqa tashkilot [vakillari] oladi. Fundamental fanlar imtihonidan o‘tgan talaba 4−5−6-kurslarda klinik fanlar bo‘yicha o‘qitiladi va keyin ikkinchi marta imtihon topshiradi. Talabaning ham fundamental, ham klinik fanlarni to‘liq xalqaro darajada egallaganidan keyin ishlashiga ruxsat beriladi”, — dedi SSV rahbari.

Vazir jurnalistning “tibbiyot sohasida „superkontrakt“ butunlay yo‘qolishi mumkinmi?” degan savoliga quyidagicha javob berdi: “Albatta, buni hukumat belgilab beradi. Biz hukumatga taklifimizni kiritganmiz”.

Jurnalist: Taklifingiz tibbiyot sohasida “superkontrakt”ni yo‘qotish bo‘yichami?
Amrillo Inoyatov: Ha, shunaqa.

Shuningdek, SSV rahbari “superkontrakt” yo‘qoladimi yo‘qmi, asosiy e’tiborni OTMlarda ta’lim berish va talabalarning bilimini tekshirishga qaratish kerakligini ta’kidladi.

“Gap [talabaning] o‘qishida va bizning filtrimizda. Xohlagan talaba ["superkontrakt"] kirishi mumkin, butun dunyoda tendensiya shunaqa. Bilimi bo‘lsa, malakasi bo‘lsa, kirishi mumkin: u “superkontrakt”ga kiradimi, o‘z bilimi bilan kiradimi… Eng asosiysi, biz filtrni xalqaro talablar darajasida qilib qo‘ysak, o‘zi hamma [talaba] filtrlanadi”, — dedi u.

Bundan tashqari, vazir O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishida sirtqi ta’limni ochish rejada yo‘qligini aytdi. “Tibbiyot yo‘nalishida sirtqi ta’lim dunyoda yo‘q. Tibbiyotda sirtqi degan termin bo‘lishi mumkin emas. [O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida tibbiyot yo‘nalishida] sirtqi ta’lim ochilishi rejada yo‘q”, — dedi Amrillo Inoyatov.