4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun [O‘RQ-851-son] bilan ayrim qonun hujjatlariga ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilashga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi. Qonun Senat tomonidan 22-iyun kuni ma’qullangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra:

BHMning 10 baravariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan ijro etmaslik:

  • fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 650 ming so‘mgacha);
  • mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Ilgari jarimaning eng kam miqdori qat’iy belgilangan bo‘lib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan boshlab jarima qo‘llanilgan.

Shuningdek, ma’muriy jarima summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emasligi belgilandi.

Qonunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga endilikda quyidagilar haqli:

  • O‘zbekiston Respublikasining bosh davlat ijrochisi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari;
  • Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari.

Ilgari ma’muriy jazo choralarini qo‘llash davlat ijrochilariga tegishli bo‘lgan.