2023-yilning may oyida “O‘zbekneftgaz” korxonalarida benzin ishlab chiqarish 23,2 ming tonnani tashkil etdi, bu o‘tgan yilning may oyiga (-71,3 foiz) nisbatan 51,2 ming tonnaga kam, deb xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Bunga Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 10-maydan 10-iyungacha rejali ta’mirlash ishlari olib borilgani sabab bo‘lgan.

Amaldagi talablarga ko‘ra, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xizmat muddati 20 yildan oshgan texnologik qurilmalar sanoat xavfsizligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, litsenziyalar tomonidan amaldagi texnologik qurilmalarda bir yilda bir marotaba joriy ta’mirlash va besh yilda bir marotaba mukammal ta’mirlash ishlarini o‘tkazish tavsiya etilgan.

Ushbu talablarsha rioya qilish uchun zavodning bosim ostida ishlovchi sig‘imlari sanoat xavfsizligi ekspertizasidan to‘liq o‘tkazildi hamda texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimi modernizatsiya qilindi, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, BNQIZda mukammal ta’mirlash ishlari so‘nggi bor 2018-yilda o‘tkazilgan.

“Zavodning ta’mirlash davrida iste’molchilarni avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida „O‘zbekneftgaz“ tomonidan respublikaning barcha hududlarida zarur miqdorlarda zaxira yaratildi va uzilishlarsiz yetkazib berilishi ta’minlandi. Shuni ta’kidlash lozimki, respublika iste’molchilariga neft mahsulotlarini yetkazib berishda uzulishlarning oldini olish hamda ichki bozorda ajiotaj talab vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida zavod belgilangan muddatdan 10 kun oldin ishga tushirildi va avtobenzin mahsulotini ishlab chiqarish quvvatlari 140%ga qadar oshirildi”, — deyiladi xabarda.

2023-yilning yanvar-may oylarida “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi korxonalarda jami 659,6 ming tonna suyuq uglevodorod xom ashyolari qayta ishlangan bo‘lib, bu ko‘rsatgich 2022-yilning mos davriga nisbatan 103 foizni tashkil etgan.

Ushbu davrda 410,5 ming tonna avtobenzin mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lib (shundan yanvarda — 105,9 ming tonna, fevralda — 92,6 ming tonna, martda — 94,7 ming tonna, aprelda — 94,1 ming tonna, mayda — 23,2 ming tonna), belgilangan reja 103 foizga yoki 10,6 ming tonnaga ko‘p bajarilgan.

BNQIZda avtobenzin ishlab chiqarishning kunlik xajmi 2500 tonnadan 3000 tonnaga oshirildi.

Zavodda ta’mirlash ishlari o‘tkazilganiga qaramasdan, yil yakuniga qadar jami 995,8 ming tonna avtobenzin (2022-yil ko‘rsatkichiga nisbatan 100 foiz) ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

“Gazeta.uz” Statistika agentligiga tayanib, yil boshidan buyon O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish 3 baravar — 139,6 ming tonnadan 46,2 ming tonnagacha qisqargani haqida yozgandi. Buning fonida neft va neft mahsulotlari importi keskin o‘sdi. Dizel ishlab chiqarish esa o‘sishda davom etmoqda.

Shuningdek, 2023-yilda O‘zbekistonga benzin importi bir necha barobar oshgani ham xabar qilingandi. Birinchi to‘rt oyda 335,2 mln litr keltirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p. Importning umumiy qiymati 136,67 mln dollarni yoki litri uchun 0,4 sentni tashkil etdi. Importning aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri keldi.