O‘zbekiston elchisi Jahongir G‘aniyev Ispaniyaning Patentes Talgo kompaniyasi prezidenti Karlos Palasio Oriol bilan uchrashdi, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.

Uchrashuvda Ispaniya tomoni O‘zbekiston bilan temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikni davom ettirish hamda mavjud oltita Talgo-250 poyezdiga qo‘shimcha ravishda yangi tezyurar poyezdlarni yetkazib berishdan o‘ta manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

Karlos Palasi Oriolning ta’kidlashicha, Daniya va Germaniya uchun 64 ta poyezd ishlab chiqarish bo‘yicha katta buyurtma bo‘yicha ishlar olib borilayotgani sababli ish yuki yuqori bo‘lishiga qaramay, Patentes Talgo “O‘zbekiston temir yo‘llari” uchun to‘rtta Afrosiyob elektropoyezdini O‘zbekiston tomonidan rejalashtirilgan muddatlarda ishlab chiqarish va yetkazib berishni ta’minlashga tayyor.

Buyurtmani moliyalashtirish uchun Ispaniya hukumati huzuridagi Ispaniya kompaniyalarini xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIEM)dan uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oktabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati sakkizta yangi yo‘nalishni ishga tushirishni rejalashtirayotgani, shu munosabat bilan tashkilot 34 ta zamonaviy elektropoyezd sotib olish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda kompaniya Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa va CRRC-Dalian kabi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan harakat tarkiblarini yangilash bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi.