26-iyun kuni soat 00:10 atrofida Xorazm viloyati Xiva shahrida Damas avtomashinasi haydovchisi shahar IIB boshlig‘ini urib yubordi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Viloyat IIB matbuot xizmatining Uznews`ga ma’lum qilishicha, 30 yoshli Damas haydovchisi shahar IIB ma’muriy binosi oldida ko‘chani piyoda kesib o‘tayotgan shahar IIB boshlig‘i podpolkovnik Botir Otajonovni urib yuborgan. Shundan so‘ng u yo‘l chetida turgan, o‘z o‘rinbosari podpolkovnik J.Rametovga tegishli bo‘lgan Lacetti mashinasining orqa tomoniga urilib, jarohat olgan.

Biroq haydovchi Damas`ni hodisa joyida qoldirib, o‘zi voqea joyidan qochib ketgan. Tezkor-qidiruv ishlari natijasida haydovchining yashiringan joyi aniqlanib, alkotester yordamida ko‘rikdan o‘tkazilganda unda 0,403 mg/l miqdorida mastlik holati aniqlangan.

Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.