Rossiya prezidenti Vladimir Putin shanba kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

“Prezident Vladimir Putin davlatimiz rahbariga Rossiyadagi vaziyat to‘g‘risida ma’lumot berdi”, — deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Avvalroq Vagner xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini XHK lageriga raketa hujumida ayblab, Mudofaa vazirligi rahbariyatiga qarshi isyon va Moskvaga yurishni e’lon qilgani haqida yozgandik. XHK jangchilari Rostov-Don shahriga kirib, harbiy va ma’muriy obyektlarni egallab olgan.

Vladimir Putin televideniye orqali ruslarga murojaat qilgan, “ortdan pichoq urish” va “xiyonat” haqida gapirib, isyon tashkilotchilari “muqarrar jazoga tortilishini” aytgan. Moskva, Moskva viloyati va boshqa viloyatlarda antiterror choralari joriy etilgan.

Shu kuni Vladimir Putin Qozog‘iston va Belarus prezidentlariga ham telefon qildi.

Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati Qasim-Jomart Toqayev sodir bo‘layotgan voqealarni “Rossiyaning ichki ishi” deb ataganini bildirdi.

U Konstitutsiyaviy tuzum va qonun ustuvorligi mamlakatda huquq-tartibotni ta’minlashning ajralmas sharti, jamiyat xavfsizligi va uning muvaffaqiyatli rivojlanishining asosi ekanini ta’kidlagan.

“Vladimir Putin Qozog‘istonga Rossiyadagi mavjud vaziyatni tushungani uchun minnatdorlik bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Belarus prezidenti matbuot xizmati bergan qisqacha xabarda ta’kidlanishicha, ertalab Aleksandr Lukashenkoga qo‘ng‘iroq qilgan Rossiya prezidenti unga Rossiyadagi vaziyat haqida xabar bergan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham isyon va Vladimir Putinning bayonoti haqida gapirdi.

“Yomonlik yo‘lini tanlagan har bir kishi o‘zini o‘zi yo‘q qiladi. Rossiya uzoq vaqtdan beri o‘zining zaifligi va hukmronligidagi ahmoqlikni propaganda bilan niqoblab kelgan. Endi tartibsizlik shunchalik ko‘payib ketdiki, uni yolg‘on bilan yashirib bo‘lmay qoldi”, — dedi u.

“Rossiya o‘z qo‘shinlari va yollanma askarlarini bizning tuprog‘imizda qancha uzoq ushlab tursa, keyinchalik betartiblik, og‘riq va muammolar shunchalik ko‘p bo‘ladi”, — dedi Zelenskiy.