O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi shanba kuni Vagner xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojinning isyoni va mamlakatda yuzaga kelgan tartibsizlik fonida o‘zbekistonlik fuqarolarga murojaat qildi.

Elchixona O‘zbekistonning barcha fuqarolarini Rossiya hududida amalda bo‘lgan jamoat xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga, Rossiya va Ukrainaning chegaradosh hududlariga sayohat qilmaslikka, odamlar gavjum joylarga tashrif buyurmaslikka chaqirdi.

“Axborot maydonida tarqatilayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga berilmaslik va mamlakat rasmiy vakillarining ko‘rsatmalariga amal qilishni so‘raymiz”, — deyiladi murojaatda.

Shuningdek, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatning Rossiyadagi barcha diplomatik vakolatxonalari to‘liq ish rejimida ishlayotgani ma’lum qilindi.

Zarur hollarda O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasining yagona Call-markaziga zudlik bilan murojaat qilish so‘raldi: +7−499 230−00−76, +7−499 238−36−20.

Avvalroq Qozog‘istonning Rossiyadagi elchixonasi qozog‘istonliklarga murojaat qilib, ulardan Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh hududlariga bormay turish va konsullik idorasida ro‘yxatdan onlayn o‘tishni so‘ragandi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Vagner XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning isyoni fonida qilgan murojaatida “orqadan pichoq urish” va “xiyonat” haqida gapirib o‘tdi. U Rostovdagi “og‘ir vaziyat”ni qayd etib, isyon tashkilotchilari “muqarrar jazoga tortilishini” bildirdi.