O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi chog‘ida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarni “haqiqiy qahramon” deb atadi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 150 ming nafar yoshlar xorijiy oliygohlarda ta’lim olmoqda. Bundan tashqari, 2 million atrofidagi o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilmoqda.

“Musofir yurtda, turli qiyinchilik va mashaqqatlarga chidab, halol mehnat qilib, non topish oson emas. Xorijda bunday sharoitda yashab kelayotgan odamlarimizni haqiqiy qahramon, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chet ellarda tajriba va malaka orttirayotgan ana shunday vatandoshlarimizga rahmat aytishimiz kerak”, — dedi prezidentlikka nomzod.

U, shuningdek, uchrashuvda xorijdagi o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlashga oid rejalarni ma’lum qildi.

Xorijiy davlatlarda hunarmand va kulollar ko‘rgazmalari o‘tkazilishi, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari nishonlanishi ilk rejalar sifatida keltirib o‘tildi.

Ular uchun O‘zbekiston bo‘ylab, ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlariga maxsus sayohatlar hamda chegirmalar paketi ishlab chiqilishi, bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun “Vatandoshlar” jamoat fondiga 300 milliard so‘m ajratilishi ham qayd etildi.

Prezidentlikka nomzodning so‘zlariga ko‘ra, ushbu jamoat fondining vakolatlari ham kengaytiriladi. Quyida nomzod bergan boshqa takliflar keltiriladi.

Tadbirkorlar uchun yengillik

O‘zbekistonda ishlash va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi o‘zbekistonliklar uchun:

  • kirish vizalari muddatini 1 yildan 3 yilga uzaytirish, davlat bojlarini 3 karra pasaytiriish (hozirda — 250 dollargacha);
  • ishlash uchun litsenziya talabi bekor qilinishi, barcha huquqlardan foydalanish imkoniyati yaratilishi;
  • doimiy yashash tartibi soddalashtirilishi;
  • uy-joy va ko‘chmas mulk sotib olish, ta’lim, tibbiyot va boshqa davlat xizmatlaridan teng huquqlilik asosida foydalanish imkonini beradigan “Vatandosh guvohnomasi” joriy qilinishi saylovoldi dasturidan o‘rin olgan.

Moddiy va huquqiy yordam

Dasturda chet eldagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish haqida ham so‘z borgan.

Xususan, og‘ir ahvolga tushib qolganlarning barchasiga xorijiy davlatning o‘zida moddiy yordam imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, ularga vaqtincha yashash, hujjatlarini tiklash, vatanga qaytish kabi xarajatlari to‘liq qoplab berish reja qilingan.

Xorijda vafot etgan o‘zbekistonliklarni o‘z yurtiga olib kelish davlat tomonidan ta’minlanishi, ularning qaramog‘ida bo‘lgan oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilinishi, farzandlarini o‘qitish va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha yordam ko‘rsatilishi qayd etilgan.

“Xorijda ishlayotgan odamlarimizning huquqlarini himoya qilish maqsadida ularga advokat jalb etish xarajatlarini qoplash va huquqiy yordam berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi”, — dedi nomzod.

Shuningdek, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Yevropa davlatlaridan yuqori maosh to‘lanadigan ish topib ketayotganlarga yo‘l chiptasi va “ishchi viza”ni olish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi dasturdan o‘rin olgan. Unga ko‘ra,

  • onlayn hujjat olish va boshqa davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatlari yaratiladi, ularning narxlari ichki tariflarga tenglashtiriladi;
  • doimiy konsullik hisobida turish badali bekor qilinadi, hisobda turish shartlari soddalashadi;
  • sog‘lig‘i va hayotini sug‘urtalash ko‘lami kengaytiriladi. Bunda, “ijtimoiy reyestr” va “3 ta daftar”ga kirgan shaxslarga sug‘urta xarajatlari uchun subsidiya beriladi;
  • Germaniya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarda, shuningdek, Rossiyaning yirik shaharlarida bepul huquqiy, moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatadigan markazlar ochiladi (hozirda Rossiyaning Moskva shahrida hamda Koreya, Qozog‘iston va Turkiyada tashkil etilgan);
  • elchixonalar, Tashqi ishlar, Bandlik va Ichki ishlar vazirliklarida tunu-kun ishlaydigan Call-markazlar tashkil etiladi.

“Umuman, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan ishlash, chet elga ishlashga va o‘qishga ketgan odamlarimizni ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlariga kelgusi yillarda 200 million dollar yo‘naltiriladi”, — dedi nomzod.

Ma’lumot uchun, 2021-yilgi saylovda “Milliy tiklanish” partiyasidan prezidentlikka nomzod bo‘lgan Alisher Qodirov saylovoldi dasturi doirasida migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi.

Fikri ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng bunga izoh berarkan, “Biz yoqish uchun shirin gaplarni gapirmoqchi emasmiz” deya ta’kidlagan Qodirov.

2023-yilgi saylov oldidan esa Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” partiyasi O‘zLiDePdan ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “bugungi murakkab davr birlashishni talab qilmoqda”.