Yevropa Ittifoqi davlatlarining doimiy vakillari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda Shvetsiyaning Yevropa Ittifoqi kengashidagi vakolatxonasi o‘zining Twitter`dagi sahifasida ma’lum qildi.

Paket 2022-yil fevralidan keyin kiritilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga qarshi chora-tadbirlarni va yana bir qator shaxslar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Euronews`ning yozishicha, Ittifoq o‘z mahsulotlarining Armaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi postsovet mamlakatlariga yetkazib berilishi keskin ortib, keyinchalik parallel import orqali Rossiyaga tushib qolayotganidan xavotirda.

“RIA Novosti"ning yozishicha, Polshaning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Anjey Sados yangi cheklovlar “bolalar noqonuniy deportatsiyasi uchun javobgar bo‘lgan” 70 kishini ham o‘z ichiga olishini ma’lum qilgan.

Ro‘yxatga “sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiya harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotgan” 30 ta tadbirkorlik subyekti kiritilgan. Polsha diplomatining so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq “Drujba” quvurining janubiy tarmog‘i orqali neft tashishni ham to‘sib qo‘yishni rejalashtirgan, Rossiya yuk tirkamalarining Yevropa Ittifoqi bilan chegaradan o‘tishini taqiqlash ham taklif qilingan.

Yangi sanksiyalar eksport nazoratini kuchaytiradi va avvalgi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan rossiyalik bo‘lmagan kompaniyalarga ta’sir o‘tkazishning yangi mexanizmini joriy qiladi.

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen bu sanksiyalar paketi Putinning urush mashinasiga yana bir zarba berishini ta’kidladi.

“Men 11-sanksiya paketimiz bo‘yicha siyosiy kelishuvni olqishlayman. Kremlni qo‘llab-quvvatlayotgan tashkilotlarga qaratilgan qat’iy eksport cheklovlari Putinning urush mashinasiga yana bir zarba beradi. Bizning sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi vositamiz Rossiyaga ushbu ro‘yxatdagi tovarlarni olishga imkon bermaydi”, — degan Ursula fon der Lyayen.

Qayd etilishicha, kelishuvga Ukraina hukumati Gretsiyaning beshta yuk tashish kompaniyasini “urushning xalqaro homiylari” ro‘yxatidan vaqtinchalik olib tashlashga qaror qilganidan bir necha soat o‘tib erishilgan. Biroq Kiyev bu ro‘yxatdan Vengriyadagi eng yirik tijorat banki OTP Bank`ni olib tashlamagan. Eslatib o‘tamiz, 13-iyun kuni “Ipotekabank"ning O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli aksiyalardan 75 foizi Vengriya kompaniyasi hisoblangan OTP Bank`ga sotilgandi.

Bungacha Afina va Budapesht bir necha hafta davomida yangi sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga to‘sqinlik qilib kelayotgandi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi munosabati bilan yangi sanksiyalarni muhokama qilayotgani, Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari “qora ro‘yxat"ga kiritilishi mumkinligi xabar qilingan.

Shuningdek, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Markaziy Osiyoning beshta davlati yetakchilarini ularning mamlakatlari Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni buzsa, Yevropa Ittifoqi sanksiyalar qo‘llamasligiga ishontirgandi. Sharl Mishel sanksiyalar faqat “Rossiya urush mashinasini qo‘llab-quvvatlaganlarga” nisbatan qo‘llanilishini qayd etgan.

Iqtisodchi Sergey Guriyev esa Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan savdo yo‘llari yopilishi Markaziy Osiyo iqtisodiy o‘sishi uchun jiddiy tahdidga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Hozir YeTTB Markaziy Osiyo va Kavkazda iqtisodiy o‘sishga nisbatan bir yil oldingiga qaraganda ancha optimistik yondashmoqda. Bu qisman 2022-yilda ushbu iqtisodiyotlarning barqarorligiga guvoh bo‘lganimiz, shuningdek, Rossiya o‘zining eng yirik savdo hamkori bo‘lgan Yevropa bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdodan uchinchi davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo, Kavkaz va Turkiya orqali savdo qilishga o‘tgani sababli ular savdo tuzilmalaridagi o‘zgarishlardan foyda ko‘rganligi bilan bog‘liq”, — degan iqtisodchi.

Uning qayd etishicha, bu tendensiya Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqtisodiy o‘sishiga katta hissa qo‘shdi.

“Endi Yevropa sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan yo‘llarni yopishga urinmoqda. Va bu o‘zgarishlardan foyda ko‘rgan mamlakatlardagi iqtisodiy o‘sish uchun asosiy tahdiddir. Yevropa bunga yetarlicha jiddiy yondashadi. O‘tgan yili sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlangan edi. 11-sanksiyalar paketi ushbu yo‘llarning bir qismini nishonga oladi. Yevropa allaqachon e’lon qilgan ikkilamchi sanksiyalar mavjud va ular sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan kompaniyalarni jazolaydi. Shunday ekan, bu Rossiyaning qo‘shnilari, xususan, Turkiya, Kavkaz va Markaziy Osiyoning iqtisodiy o‘sishi uchun juda jiddiy tahdiddir”, — degandi Sergey Guriyev.