Rossiya gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali eksport qilish bo‘yicha Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida shartnoma imzolandi va unga muvofiq gaz yetkazib berish 2023-yilning to‘rtinchi choragidan boshlanadi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Vazirlikning qayd etishicha, tomonlar O‘zbekiston gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ham imzolagan.

Hujjatlarga O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirokida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Gazprom” OAJ boshqaruvi raisi Aleksey Miller imzo chekkan.

gaz, россия, ўзбекистон

Avvalroq Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev mamlakat infratuzilmasi 2024-yilgi kuz-qish mavsumida Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun tayyor bo‘lishini aytgandi.

16-may kuni Qozog‘iston hukumati yig‘ilishida Energetika vazirligi rahbari Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tranzit qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar “yetarlicha konstruktiv tarzda” ketayotganini aytgan.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya rus gazini yetkazib berishning tijoriy shartlarini faqat texnik masalalar hal etilgandan keyingina muhokama qila boshlashini ta’kidladi.

Aprel oyi oxirida vazir “Gazeta.uz”ga Rossiyadan O‘zbekistonga gazni “O‘rta Osiyo-Markaz” (CAC) gaz quvuri orqali yetkazib berish rejalashtirilganini ma’lum qilgan.

30-may kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Sankt-Peterburgda “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller bilan yana uchrashib, Rossiya gazini yetkazib berish masalasini muhokama qildi.