Oliy Majlis Senatida Sirdaryo viloyatidan bo‘shab qolgan o‘rin uchun saylov bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi xabar qildi.

Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi viloyat hokimligi binosida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev ishtirok etdi.

Saylov yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshirildi. Saylov natijalariga ko‘ra, viloyat hokimi Akmal Mahmudaliyev Oliy Majlis Senati a’zoligiga saylandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham senator bo‘lgandi.

Ma’lumot uchun, aprel oyida Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi sessiyada Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga 2022-yil noyabr oyidan beri hokim vazifasini bajarib kelayotgan Akmal Mahmudaliyev nomzodi tasdiqlangandi.