Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022-yildagi hamda 2023-yilning birinchi choragidagi ijrosi bo‘yicha Qonunchilik palatasi oldidagi hisobotida vazirlik suvni sarflash madaniyati, uni o‘lchash va yetkazib berish bo‘yicha keskin takliflar tayyorlayotganini ma’lum qildi.

“Hurmatli prezidentimizga ham axborot berganmiz, suvni sarflash madaniyati, suvni o‘lchash, suvni yetkazib berish bo‘yicha juda bir keskin takliflarimizni tayyorlayapmiz. Ular tayyor bo‘lishi bilan 2024-yilning budjet loyihasida ham buni o‘zingiz ko‘rasizlar. Ya’ni suvga bo‘lgan munosabatimizni keskin o‘zgartiradigan, tejashni rag‘batlantiradigan mexanizmlar haqida o‘ylayapmiz”, — dedi vazir.

Vazirning qayd etishicha, 2022-yil davomida O‘zbekistonda 1800 kilometrdan ortiq ichimlik va 50 kilometrdan ortiq oqava suv quvurlari tortilgan. 1,6 million nafardan ortiq aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 464 ta mahallada yashovchi 3,4 million nafardan ortiq aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi yaxshilangan.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekiston Markaziy bankidagi yoshlar bilan uchrashuvida mamlakatdagi suv taqchilligi bo‘yicha savolga javob berib, XVJ mamlakatlarga birinchi navbatda suv resurslarining to‘g‘ri narxlanganiga ishonch hosil qilish borasida tavsiya berishini ta’kidlagandi.

Yig‘ilish davomida Kristalina Georgiyeva Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovdan O‘zbekistonda suv bo‘yicha narx siyosati qandayligini ham so‘ragan. Mamarizo Nurmuratov esa “Bir so‘z bilan aytganda, bozorga hali o‘tilmagan. Hozircha suvning narxi bozorda shakllanishiga o‘tishni o‘ylayapmiz. Hozircha faqat birinchi qadamlar qo‘yildi”, deb javob bergandi.