Xorazm viloyatida fuqarodan u tinch yurishi uchun pul talab qilib kelgan ikki shaxs qo‘lga olindi, deya xabar qilmoqda Tergov departamenti.

Qayd etilishicha, Xorazm viloyatida 36 yoshli M.B. va 30 yoshli M.E. Gurlan tumanida yashovchi 38 yoshli I.U.ga ko‘chada tinch yurishi uchun ular aytgan pullarni o‘z vaqtida berib borishini, aks holda unga tegishli bo‘lgan mol-mulkiga shikast yetkazishlarini aytib, uni o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘ygan.

Ular I.U.dan 2022-yil 6-dekabr kunidan 2023-yil fevral oyigacha undan 58 mln so‘m pullarini olib kelgan bo‘lishiga qaramasdan, 2023-yilning 6−8-iyun kunlari unga qo‘ng‘iroq qilib, 10 000 AQSh dollari topib olib kelishini, aks xolda uni tinch qo‘ymasligini, ushbu pullarni olib kelmagan taqdirda, unga tegishli bo‘lgan transport vositalarini tortib olib qo‘yish bilan qo‘rqitib kelgan.

Bu haqda fuqaro I.U. 9-iyun kuni IIB boshlig‘ining nomiga ariza bilan murojaat qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza asosida viloyat IIB TQX Jinoyat qidiruv bo‘limmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha, olib borilgan tezkor tadbir davomida yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar arizachi bilan oldindan kelishilgan Gurlan tumani Mustaqillik ko‘chasida joylashgan “Ilxomboy” kafesida uchrashib, undan talab qilgan 10 000 AQSh dollari pullarni olayotgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Gurlan tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan M.B. va M.E.larga nisbatan Jinoyat kodeksning 165-moddasi 2-qismi “b”, “v” bandlari (ko‘p miqdorda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib,ushbu shaxslarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari boshlangan.