22-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahri sudida Andijondagi 3-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkumni ayovsiz do‘pposlab, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan ichki ishlar xodimlari va bir nafar mahbusga nisbatan hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi.

Kun.uz nashrining yozishicha, marhum — 32 yoshli S.M. Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashagan. U sud tomonidan unga tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgani bois 2022-yilning 19-mart kuni IIV Jazoni ijro etish departamenti tergov hibsxonasiga (Andijon shahrida joylashgan — tahr.) olib kelingan.

S.M. 21-mart kuni 12 nafar ichki ishlar organi xodimi tomonidan tergov hibsxonasining kamera o‘rnatilmagan joyida ayovsiz kaltaklanib, qiynoqqa solingan, — deyiladi xabarda.

Sud hukmida qayd etilishicha, marhum do‘pposlash oqibatida hayot uchun xavfli og‘ir jarohatlar olgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilmay, hibsxonaning 32-kamerasiga joylab qo‘yilgan. Og‘riqlar ta’sirida bo‘lgan S.M. u yerda boshqa bir mahbus J.U. bilan tortishib qolib, oqibatda yana bir marta kaltaklangan. Voqeadan taxminan 3,5 soat o‘tgach, S.M.da biologik o‘lim qayd etilgan.

Tergov hibsxonasi davolash profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan T.A. va bo‘lim shifokor-psixiatri Sh. A. kaltaklangan S.M.ni 32-kameraga joylashdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Ammo o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmay, marhumni obyektiv baholamagan, oqibatda uning o‘limiga yo‘l qo‘yib bergan, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Ma’lum bo‘lishicha, mahkumda bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh miya yumshoq va qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya shishi aniqlangan. Biroq shifokorlar S.M.ning tibbiyot daftarchasiga uning ahvoli yaxshi ekani, tashqi tan jarohatlari mavjud emasligi haqida qaydlar yozgan.

Sud hukmiga ko‘ra, IIV JIEDga qarashli 3-sonli tergov hibsxonasining quyidagi xodimlari ozodlikdan mahrum etildi:

  • hibsxona boshlig‘i yordamchisi — smena boshlig‘i U.A. 4 yilga;
  • tartibot bo‘limi katta inspektori J.R. 4 yilga;
  • tartibot bo‘limi korpus kattasi E.R. 4 yilga;
  • tartibot bo‘limi katta nazoratchisi M.J. 4 yilga;
  • tartibot bo‘limi katta nazoratchisi S.I. 4 yilga;
  • tartibot bo‘limi katta nazoratchisi M.M. 4 yilga.

Shuningdek, ushbu jinoyatda aybli deb topilgan xodimlarga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi:

  • 3-sonli tergov hibsxonasi boshlig‘i G‘.G‘. 3 yilga;
  • tartibot bo‘limi korpus kattasi Z.Sh. 3 yil;
  • tezkor qidiruv bo‘linmasi katta tezkor vakili I.I. 3 yilga;
  • tartibot bo‘limi nazoratchisi J.M. 3 yilga;
  • davolash-profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i T.A. 3 yilga;
  • davolash profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limi shifokor-psixiatri Sh. A. 3 yilga muddatga uy qamog‘iga hukm qilindi.

Marhumni kamerada kaltaklagan mahbus J.U.ga esa ilgari tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan jazosini mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan 4 yilu 1 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Sud hukmida qayd etilishicha, S.M.ning o‘limida aybdor deb topilgan 12 nafar sobiq xodimning 10 nafari 1,5 yil, 2 nafari esa 1 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning ma’lum qilishicha, ayni paytda birinchi instansiya sudining hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, undan norozi bo‘lgan 9 nafar sudlanuvchi tomonidan apellyatsiya shikoyatlari berilgan.

“Hozirgi kunda ushbu shikoyatlar Toshkent viloyati sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish uchun rasmiylashtirilmoqda”, — deyiladi axborotda.