14-iyun kuni Markaziy saylov komissiyasining muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti sayloviga bag‘ishlangan majlisida nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlash, saylovga tayyorgarlik ko‘rish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar, prezident saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar va OAV vakillarini akkreditatsiya qilish ko‘rib chiqildi.

Majlisda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari hamda nogironlar nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi tasdiqlandi hamda ushbu trafaretlar bilan har bir saylov uchastkasini ta’minlash choralari belgilandi.

Majlisda nogironlar nodavlat notijorat tashkilotlari vakili ko‘zi ojizlar ko‘p yashaydigan hududlardagi saylov uchastkalariga trafaretlar sonini ikkitadan emas uchtadan berilishini taklif qildi. Bu taklif majlis ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi.

Majlisda xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan YeXHT DIIHBning saylovni kuzatuvchi missiyasi vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Shuningdek, mahalliy ommaviy axborot vositalarining 159 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalarining 42 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Shu bugunga qadar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining umumiy soni 554 nafarni tashkil etmoqda.