Kuchli shamol tufayli Samarqand viloyatining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyatida esayotgan kuchli shamol oqibatida soat 8:00 holatiga ayrim elektr uzatish tarmoqlari xavfsizlikni ta’minlash maqsadida o‘chirilgan.

Buning oqibatida Samarqand shahri, Jomboy, Urgut, Tayloq, Pastdarg‘om va Oqdaryo tumanlarining ayrim hududlarida jami 3250 ta iste’molchining elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

“Hududda kuchli shamol esishi pasaygandan so‘ng elektr ta’minoti qayta tiklanadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.