S&P xalqaro reyting agentligi 5-iyun kuni e’lon qilingan O‘zbekiston suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotida respublika reyting bahosini BB- (barqaror kutilma) darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda Moliya va iqtisodiyot vazirligi xabar berdi.

Agentlikning prognoziga ko‘ra, 2023−2026-yillarda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi o‘rtacha 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi esa 2023-yilda 2400 dollarni tashkil etishi prognoz qilingan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston kredit reytingi bo‘yicha “barqaror” kutilmaning saqlab qolinishi nisbatan mustahkam fiskal va tashqi zaxiralarining mavjudligi tufayli respublika iqtisodiyoti kelgusi 12 oy davomida tashqi shoklar hamda global iqtisodiyot sekinlashishining qo‘shimcha salbiy ta’sirlarini kamaytirish imkoniyatiga egaligini aks ettiradi.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yilda hukumat likvid aktivlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 18,5 foizni, foydalaniladigan xalqaro zaxiralar YAIMga nisbatan 30,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatning sof tashqi kreditor pozitsiyasi va sof davlat qarzi yukining mo‘’tadilligi respublika kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida keltirilgan.

S&P xalqaro reyting agentligi 2017-yildan buyon hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlaganini qayd etgan.

Bunda xususiylashtirish (shuningdek, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yerlarni xususiylashtirish) to‘g‘risidagi yangi qonunning qabul qilingani, iqtisodiy va fiskal ma’lumotlar ochiqligining yaxshilangani, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi, paxta uchun davlat buyurtmalari bekor qilingani, bug‘doy narxi liberalizatsiyasi, xususiy mulk tushunchasi kengaytirilgani agentlik tomonidan alohida e’tirof etilib, elektr energiyasi va gaz tariflarini yanada kengroq isloh qilinishi kutilayotgani ta’kidlangan.

Respublika kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagi hollar qayd etilgan:

  • tashqi shoklarning salbiy ta’siri oqibatida agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari zaiflashsa;
  • davlat va moliya sektori tashqi qarzlarining o‘sish sur’ati agentlik kutilmalariga nisbatan keskin oshsa;
  • yirik davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi sababli davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (ya’ni, hukumat davlat korxonalarining qarzlarini to‘lashni boshlasa).

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yil boshidan agentlik tomonidan 9 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan. S&P xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki iyun oyida O‘zbekistonning YAIM o‘sishi bo‘yicha prognozini yaxshilagandi. Tashkilotning yangi prognoziga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 5,1 foizni tashkil etadi. Yanvar oyida bank 4,9 foiz o‘sishni prognoz qilgan edi.