Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida daraxtlarni kesib, ularni 5 million so‘mga sotganlar aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Tumanning “Yakkatut” mahallasida joylashgan “O‘tkir tosh jilosi” fermer xo‘jaligi yer maydoni ko‘zdan kechirilganda xo‘jalik rahbari O‘.T. o‘sib turgan ko‘p yillik 8 tup eldor qarag‘ayi daraxtini tumanning “Mirshodi” mahallasida yashovchi fuqaro A.S.ga 5 million so‘mga baholab sotgani aniqlangan.

Fuqarolarning o‘zaro kelishuviga asosan, A.S. o‘suvchanligini yo‘qotmagan ko‘p yillik noyob daraxt turlariga kiruvchi 8 tup eldor qarag‘ay daraxtini tag qismi bilan kesib olgan. To‘plangan hujjatlar asosida hisob-kitob qilinganda buning oqibatida tabiatga jami 551 million 100 ming so‘m zarar yetkazilgan.

Aniqlangan holat yuzasidan birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Prezidentning 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga qo‘yiladigan moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori 5 baravarga oshirilishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga uning kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyati belgilangan.