Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson pandemiya davridagi ziyofat bo‘yicha o‘tkazilgan parlament tergovi natijalari bilan tanishib, deputatlikdan iste’foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tekshiruvchilar Jonson parlamentga ziyofatdagi holatlar bo‘yicha yolg‘on ma’lumot bergan degan xulosaga kelgan. Sobiq bosh vazir esa o‘z bayonotida tergovning xolis ekaniga ishonmasligini ta’kidlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Boris Jonson 2019−2022-yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan. 2020-yil iyun oyida Jonson va uning rafiqasi Vazirlar Mahkamasi rahbarining tug‘ilgan kunida ziyofat uyushtirgani uchun London politsiyasi tomonidan jarimaga tortilgandi.

Keyinchalik Britaniya Konservativ partiyasi deputatlari Jonsonni karantin paytida bazmlar uyushtirganlikda ayblab, bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish bo‘yicha ovoz bergan. Natijalarga ko‘ra, fraksiya a’zolarining 58,5 foizi bosh vazirni qo‘llab-quvvatlagan va u lavozimini saqlab qolgan.

Keyinchalik Boris Jonson jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan deputat Kris Pincherni hukumat lavozimiga tayinladi. Jonson Kris Pincherga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlardan xabardor edi, lekin baribir tayinlovni amalga oshirdi va bu sobiq bosh vazirga nisbatan norozilikni yanada kuchaytirib yubordi. Bu voqealardan keyin Jonson iste’foga chiqqan.