O‘zbekiston hukumatining 2023-yil oxirigacha Toshkent shahridagi Amir Temur, Shahrisabz, Shota Rustaveli va Yangi Sergeli ko‘chalarida jamoat transporti yo‘laklarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hujjat poytaxt hokimligi tomonidan prezidentning fevraldagi jamoat transporti sohasini isloh qilish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq “shahar yo‘lovchi transporti va avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, mavjud markaziy ko‘chalarni xorijiy tajriba asosida optimallashtirish maqsadida” ishlab chiqilgan.

Loyiha doirasida mazkur ko‘chalarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil etish, svetoforni muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etish va ularning samaradorligini oshirish maqsadida chorrahalarning geometrik parametrlarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Yo‘l-transport hodisalari statistikasini tahlil qilish asosida tartibga solingan piyodalar o‘tish yo‘laklarini, xavfsizlik orolchalari, yo‘nalishsiz taksi uchun yo‘lovchilarni tushirish va va chiqarish maydonchalarini tashkil etish belgilangan. Bundan tashqari, zarur hollarda transport infratuzilmasi obyektlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Loyihadan oldingi chizmalar va yo‘laklar bo‘ylab harakatni tashkil etish bo‘yicha qarorlar qaror qabul qilingandan keyin ikki oy muddatda ishlab chiqilishi kerak. Keyin ikki oy ichida loyiha ijrochisi tanlanishi zarur.

Hujjatda qayd etilishicha, loyihani amalga oshirish uchun davlat budjetidan mablag‘ talab etilmaydi. Uni mahalliy budjet daromadlarining ortig‘i bilan bajarilgan qismi, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun undiriladigan jarimalar, “Xavfsiz va ravon yo‘l” jamg‘armasi hamda Transport va logistikani rivojlantirish jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

O‘tgan yil oxirida Toshkent shahrida jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etila boshlangandi. Bugungi kunga qadar ular ko‘plab markaziy ko‘chalarda mavjud. Bu yangilik hududlarda avtobuslar va boshqa jamoat transportlarining tezligini oshirdi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov aprel oyida joriy avtobus yo‘laklari yo‘l harakati muntazamligi muammosini hal qilish uchun “tezkor yechim”ligini aytgandi. To‘liq BRT (bus rapid transit) avtobus tizimi haqida gapirilsa, ajratilgan yo‘lakdan tashqari, buning uchun maxsus yo‘lakdan tashqari, maxsus to‘xtash joylari va piyodalar o‘tish joylari kerak bo‘ladi, degandi u.

Taklif etilayotgan loyihaning tafsilotlari hozircha aniq emas, lekin hujjatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, u ajratilgan avtobus yo‘lagini tashkil etish, ko‘chalarda joylashgan chorrahalarda svetoforlarning muvofiqlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy etishni nazarda tutadi.