Toshkentning u yoki bu tumanida to‘satdan boshlanadigan “snos”lar, obodonlashtirish ishlari so‘nggi o‘n yilliklardagi odatiy hodisaga aylandi. Ammo ularga ko‘nikish hali ham qiyin kechmoqda. Ikki yarim yil muqaddam Markaz-1 (M1, ruschada — S1) dahasida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari oldidagi ayvon va inshootlar kutilmaganda demontaj qilingandi. Ko‘chalar g‘ildirakli qahvaxona va do‘konlardan ham tozalandi.

Hokimlik ayvon va xo‘jalik inshootlari noqonuniy ekanligini ma’lum qildi. Lekin nima uchun bu ishlar dabdurustdan qilinayotgani va nima sababdan bundan oldin, ko‘p yillar davomida qonunbuzarliklarga, agar mavjud bo‘lsa, ko‘z yumilganini hech kim tushuntira olmadi. “Snos”lardan so‘ng ba’zi muassasalar yopildi, boshqalari asta-sekin ayvonlarni joyiga qaytardi.

Bir qarashda xuddi shunga o‘xshash vaziyat bugungi kunda yana shu dahada avj olmoqda. Dam olish kunlari “Ekopark” oldidagi 27, 28, 30 va 31-uylarning birinchi qavatlarida joylashgan tadbirkorlik obyektlarining tashqi ayvonlari va peshlavhalari birdaniga demontaj qilindi. Bu yerda, jumladan, sayyohlik kompaniyalari, kosmetika do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, ularning eng yirigi — “ChayKof” qahvaxonasi joylashgan.

Toshkent hokimligi 31-may, chorshanba kuni internet tarmog‘ida davom etayotgan muhokamalar fonida shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov tomonidan sayyor qabullardan birida M1 dahasida istiqomat qiluvchi fuqarolar o‘zlari yashab turgan uylarning pastki qavatlarida tashkil etilgan obyektlarning faoliyatidan noroziligini bildirib, ularning shovqini, taomlarning hidi, ularga qatnaydigan mijozlarning transport vositalari qator noqulayliklarni keltirib chiqarayotganidan arz qilganini xabar berdi.

“Ushbu murojaatlar asosida vaziyat shahar hokimligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, tadbirkorlik subyektlari tomonidan shaharsozlik normalarining qo‘pol buzilishiga, o‘zboshimchalik bilan noqonuniy tarzda binolarning konstruksiyalarida o‘zgartirishlar kiritilgani va shaharsozlik normalariga zid ravishda qurilishlar amalga oshirilgani aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

“Gazeta.uz” vaziyatni o‘rganishga urinib, aholi va muassasalar egalari bilan suhbatlashdi.

Demontaj sanalari

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatlashgan tadbirkorlarning aytishicha, 27-may, shanba kuni turli tuzilmalar vakillaridan iborat katta guruh kelib, noqonuniy o‘rnatilgan inshootlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Bu ishlarni bajarish uchun esa bir kun muddat berilgan.

“ChayKof” qahvaxonalar tarmog‘ining boshqaruvchi hamkori Alina Simerman nimalar ro‘y berayotganini quyidagicha tasvirlab berdi: “M1da endi „ChayKof“ yo‘q. Xuddi ko‘plab qo‘shnilarimiz allaqachon yo‘q bo‘lgani singari… 28-may, yakshanba kuni soliq idorasidan kelib, binolarning kadastrini so‘rashdi, keyin prokuratura, hokimlik ham qo‘shildi, 29-may kuniga kelib esa bizni buzib tashlashdi. Hech qanday xabarnomalar, bartaraf etish uchun muddatlar, sudlar va ularning qarorlarisiz”.

M1 dahasidagi “ChayKof” qahvaxonasi eshiklari.M1 dahasidagi “ChayKof” qahvaxonasi eshiklari.

“Ha, haqiqatan ham, barcha qo‘shnilarimiz kabi, bizda ham ruxsatnomalar yo‘q, lekin to‘g‘risini aytaylik, ularni olishning iloji ham yo‘q — bunday ruxsatnomalarni beradigan tartib va organning o‘zi yo‘q”, — deya ta’kidladi u.

O‘zbekistondagi Kulikov qandolatchilik uyi sarmoyadori Izzatbek Asimov aksariyat tadbirkorlarda tashqi ayvon uchun hujjatlar yo‘qligini tasdiqladi.

“Shanba kuni kelib, yozgi ayvon uchun kadastrni ko‘rsatishni so‘rashganida, tadbirkorlarning hech biri so‘ralgan hujjatlarni taqdim eta olmadi, chunki bu kadastrda yo‘q. Hokimiyat vakillari men bilan yaxshi muloqot qilishdi”, — dedi u.

Aholining da’volari

“Gazeta.uz” muxbiri 31-uyda yashovchi aholi bilan suhbatlashdi. Ularning aksariyati tadbirkorlarning ishlashiga emas, balki bu ishning tadbirkorlar tomonidan qanday tashkil etilganiga e’tirozlari borligini bildirishdi.

Aholi ayrim restoranlar, xususan, Roman Pizza pitssaxonasi va Imarat qahvaxonasining ish tartibidan norozi. Ularning mijozlari tungi soat 2 va 3 gacha qolib, shovqin-suron qilishadi, deydi ular.

“E’tirozimiz shundan iboratki, bizga soat 23:00 dan keyin normal dam olish imkoniyati berilsin. Yosh bolalar, keksalar bor. Axir, odamlar ertalab ishga borishlari kerak. Hotirjamlik yo‘q, tinchlik yo‘q. Ular ishlayotganini hammamiz yaxshi tushunamiz. Hammasi tushunarli, ular boshqa odamlarga ish o‘rinlarini yaratishyapti. Biz tushunamiz, o‘zimiz ham ularning xizmatlaridan foydalanamiz. Lekin bizning ham uyimiz bor. Hamma yotoq xonalarimiz narigi tomonda (ko‘cha va muassasalarga kirish joylari ustida — tahr.), — deya tushuntiradi muqimlardan biri Natalya Alekseyevna.

Alyona Perepada “Ekopark” qurilishi boshlanganidan buyon uy aholisi noqulayliklarga duch kelayotgani, 2020-yildan boshlab esa 31-uyning birinchi qavatlari tadbirkorlar tomonidan o‘z biznesi uchun sotib olinayotganini aytdi.

Vyacheslav Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z obyektlarini qurish ishlarini olib borishda aholi bilan kelishmaydi. Buning ustiga egalari tez-tez o‘zgarib turadi, har biri yangidan ta’mirlash yoki binolarni qayta qurish ishlarini olib boradi.

м1 dahasi, snos

Nazarov va Perepada, shuningdek, havoni chiqarib tashlash tizimining yomonligi hamda ayrim restoranlardan chiqayotgan hid va ularning mijozlaridan shikoyat qilishdi.

“Bu yerda avval The Krusty Krab Burger bor edi. Uning “vityajka”lari esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chaga chiqarib qo‘yilgandi. Bu deraza ostida doimiy hidlar bor degani”, — deydi erkak.

“Men to‘rtinchi qavatda yashayman. Derazani ochishning iloji yo‘q, chunki odamlar ayvonlarda chekishadi”, — deydi Alyona Perepada.

Ayvonlar va daraxtlarga o‘rnatilgan yorqin chiroqlar ham aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda. Alyona Perepadaning aytishicha, u tadbirkorlardan bu muammoni hal qilishni ham so‘ragan, biroq ular unga yangi pardalar sotib olishni taklif qilishgan.

Ruslan Atabekov va Natalya Alekseyevna esa Wendy’s restorani va uyning qarshisidagi Cyber Arena kompyuter klubi oldida kechalari ko‘p odamlar to‘planishiga ishora qilishdi.

“Odamlar noadekvat ahvolda bo‘lishadi. Urishishadi, so‘kinishadi, janjallashishadi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari haftada bir necha marta kelishadi”, — deydi Ruslan Atabekov.

“Ular kunu tun ishlaydi. U yerda o‘yin o‘ynashadi. Keyin maydonchaga chiqishadi-da o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi”, — deydi Natalya Alekseyevna.

Qurilayotgan korxona hududidagi daraxtlarning kesilishi ham norozilikka sabab bo‘lgan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, notanish odamlar qishda qorbobo libosida tunda kelib, 30 ga yaqin daraxtni kesib ketishgan.

Aholining aytishicha, uch yildan buyon mutasaddi idoralarga murojaat qilib, muammolarini hal qila olishmayapti. Ularning so‘zlariga ko‘ra, murojaatlardan so‘ng tadbirkorlar tomonidan bir necha bor qonun buzilish holatlari bo‘yicha bildirishnomalar kelib tushgan, biroq qonunbuzarliklar bartaraf etilmagan.

Ruslan Atabekov boshqa fuqarolar kabi biznesga zarar yetkazishni istamasligini aytadi. Natalya Usmonova ham shunday deydi: “Mutlaqo aqli raso, adekvat odamlar ham bor, bu — GIA! muzqaymoqlari, bu — Kulikov. Ular 23:00 da ishni tugatadigan odamlar”.

“„ChayKof“ uchun juda afsusdaman. U yerda hammasi juda yaxshi bajarilgandi. Insoniylik jihatdan juda afsusdaman. 10 dan keyin borsangiz, hech qachon shovqin bo‘lmasdi”, — deya hamdardlik bildirdi Alyona Perepada.

27-may kuni “Ekopark”da Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov ishtirokida “Piknik madaniyati” tadbirida bo‘lib o‘tdi. Vyacheslav Nazarov unga aholi muammosini hal etish iltimosi bilan murojaat qilgan.

Nazarovning ta’kidlashicha, hokim v.b. masalani o‘rganishni bir guruh shaxslarga tayinlagan. Ular bo‘lsa kadastr qoidalarini buzish holatlarini aniqlagan. Vyacheslav Nazarovning aytishicha, Shavkat Umurzoqovning o‘zi ham hududni ko‘zdan kechirgan.

Vyacheslav Nazarovning fikricha, turar-joy binosining birinchi qavatida tez ovqatlanish restoranlari bo‘lmasligi kerak. “Muassasalarni maxsus ajratilgan joylarda joylashtirish kerak. Ikki xonali kvartirani ijaraga olishadi, lekin joy yetishmaydi”, — deydi u.

Tadbirkorlarning savollari

Muxbirimiz bilan suhbatlashgan barcha tadbirkorlar tashqi ayvon va maydonchalarni tartibga solish bo‘yicha hujjatlar yo‘qligini e’tirof etishdi. Shuningdek, ular topshiriqlarning bunchalik shoshilinch sur’atda bajarilishidan hayratda.

“Biz shokdamiz. Bir-ikki kun oldin kelib, kechgacha buzib tashlang, deyishdi. Buyruqsiz. Kimgadir buyruq (hujjat — tahr.) berishibdi, ko‘rsatishni so‘radim, lekin berishmadi. Chiroyli oyna qilgandik, buzishni so‘rashdi. Eshik qilishim uchun bir necha kun so‘radim. Ilgari kiraverishdagi eshik oynadan edi. Hozir eshiksiz ishlayapman. Birov tunab ketmasin deb, kechasiga odam qolyapti. Buning uchun vaqt kerak-ku”, — dedi GIA! rahbari Bekzod G‘ulomov.

Aholiga xalaqit berayotgan kuchli yoritish chiroqlari haqidagi savolga Bekzod G‘ulomov va Izzatbek Asimov bu qo‘shimcha xavfsizlik uchun ham zarur ekanini ta’kidlashdi.

“Ilgari bu yer xavfli edi. Ertalab shpritslar, spirtli ichimliklar shishalarini topishardi. Do‘kon yaqinidagi zinapoyada uysizlar uxlardi, qorong‘i edi. Kirish eshigi oldiga lampochka o‘rnatdim, muammo hal bo‘ldi”, — dedi GIA! rahbari

“Biz qo‘shni hududni obodonlashtirishga sarmoya kiritdik, yoritish moslamalarini o‘rnatdik. Kechqurun ayollar bolalar va aravachalar bilan sayr qiladigan bo‘lishdi. Ilgari qorong‘i edi. Hozirda barcha chiroqlar hokimlik vakillari tomonidan demontaj qilindi”, — dedi Izzatbek Asimov.

30-may kuni 31-uyda bir necha bor elektr energiyasi uzildi. Umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalari ovqatlari buzilayotganini aytishdi. Muxbir GIA! ishchilari muzqaymoqlarni qanday qilib olib chiqib ketayotganlariga guvoh bo‘ldi.

Qonuniy me’yorlarning yo‘qligi

Vaziyat tashqi ayvonlarni qurish uchun tartibga solinadigan me’yorlarning yo‘qligi bilan yanada og‘irlashmoqda.

Maqola avvalida tilga olganimiz “ChayKof” vakili Alina Simerman bu borada ruxsat beruvchi hujjatlar yo‘qligini aytar ekan, o‘z postida prezidentning 2020-yil iyuldagi koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasida aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonini eslab o‘tgan. Mazkur hujjatda umumiy ovqatlanish korxonalariga hokimiyatni xabardor qilgan holda tutash hududlarda yozgi ayvonlarni bepul asosda o‘rnatishga ruxsat berilgandi.

Prezident o‘shanda 2021-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari huzuridagi mavsumiy kafelar faoliyati tartiblarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berdi. Biroq bu topshiriq ijrosi bajarilmay qolib ketdi.

м1 dahasi, snos

Pie Republic (M1da filiali mavjud) va “Pasternak” restorani asoschilaridan biri Laziz G‘ulomov “Gazeta.uz”ga bergan izohida pandemiya avjiga chiqqanida qanday qilib muassasalar ayvonlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganini so‘zlab berdi.

“2020-yilda sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan tuzilgan kelishuv tufayli yozgi ayvonlarni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgandik. Biz pandemiyadan kelib chiqqan qiyinchiliklarimizni tushuntirdik. Yana ikki yil tegmaslikka kelishib oldik. So‘rovimiz Prezident administratsiyasigacha yetib bordi va prezident farmoni qabul qilindi”, — dedi u.

“Natijada Vazirlar Mahkamasiga [yozgi ayvonlardan foydalanish qoidalarini] ishlab chiqish topshirildi. Ammo hamma hujjatni unutdi. Bir necha bor eslatdik, hokimlikka bordik. Ularga ko‘rsatma berilmaganini aytishdi. Ishni orqaga surishdi. Yaqinda tez orada qonun qabul qilinishi ma’lum bo‘ldi, endi hokimlik shoshilinch ravishda bizni sudga berishni boshladi. Oldindan snos to‘g‘risida qaror chiqartirishdi. Qonun qabul qilinsa, bizga nisbatan qo‘llanilmaydi, chunki allaqachon sud qarori bor”, — deya qo‘shimcha qildi tadbirkor.

U yozgi ayvonlarning buzilishi katta yo‘qotishlarga olib kelishini ta’kidladi. Xususan, Pie Republic`da o‘rindiqlar soni 50 foizga, tushum esa 40 foizga qisqaradi.

“Yoz keldi, hamma ayvonlarda o‘tirishni xohlaydi, lekin ayvonlar yopiq, — deydi Laziz G‘ulomov.

Aholi va tadbirkorlar muzokaraga tayyor ekanliklarini aytishmoqda. Ruslan Atabekov qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish va u bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.

Izzatbek Asimov esa hukumatdan to‘rtta stolga ruxsat berishni so‘ragan va o‘rindiqlar soat 23:00 gacha ishlash sharti bilan soliq to‘lashga tayyorligini bildirdi.

Rasmiylarning bayonotlari

Hukumatning vaziyat haqidagi bayonotlari faqat snoslar va korxonalarning yopilishi haqida internetda xabar berila boshlaganidan keyin paydo bo‘ldi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 29-may kuni ma’lum qilishicha, uchta uydagi 11 ta xonadon — M1 dahasidagi 27, 28 va 31- uylardagi ayrim xonadon mulkdorlariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar tuzilib, jarima 80 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Xabarda aytilishicha, ko‘p qavatli uylarda o‘zboshimchalik bilan qayta qurish ishlari olib borilgan. Mulkdorlarga xonadonlarning o‘zgartirilgan tuzilmalarini oldingi holatini tiklash topshirildi. Xabarga “uyingiz devorini buzmang” xeshtegi ham qo‘shilgan.

30-may kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi Vazirlar Mahkamasining “Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 485-son qaroriga zid ravishda yozgi ayvon va xo‘jalik inshootlari barpo etilganini ma’lum qildi.

“Tadbirkorlar bu COVID-19 pandemiya sharoitida ularga berilgan yengillik va qulaylik ekanligini ta’kidlab, hududni tartibga keltirishga qarshilik qilishgan, — deyiladi hokimlik xabarida. — Ammo har qanday faoliyat qonun doirasida olib borilishi shart ekanligi va o‘rganishlar bunday holatlar to‘liq bartaraf etilishini ma’lum qilamiz”.

Tuman hokimligi “qonun doirasida ishlayotgan barcha tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashini” ta’kidlab, “noqonuniy binolar qurish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarni tartib”ga chaqirdi.

Toshkent hokimligining 31-maydagi bayonotida shunday deyiladi:

“Turar-joy binolariga doir Shaharsozlik normalari va qoidalarining 6.2.-bandida keltirilishicha:

Ko‘p kvartirali turar-joy uylarning ichki — tutashtirib qurilgan xonalarida quyidagilarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi:

1) 35 o‘rindan ko‘p bo‘lgan, ochiq qo‘ra va mangal ishlatib issiq ovqat tayyorlaydigan, musiqa jo‘rligiga ega ovqatlanish korxonalari;

2) soat 22:00 dan keyin ishlaydigan barcha xizmat ko‘rsatish korxonalari;

3) jarayonlari shovqinli va yengil alangalanuvchan materiallar qo‘llaniladigan maishiy xizmat korxonalari.

Bundan tashqari Shaharsozlik normalari va qoidalarining Ko‘p xonadonli uylarda xonalarni rekonstruksiya qilish, o‘zgartirish va qayta uskunalash bo‘yicha binolar xavfsizligini ta’minlash qismining 7.3.-bandiga muvofiq ko‘p xonadonli turar joy binolarida:

1) rekonstruksiya qilinayotgan xonalarda orayopma plitalariga va zinapoya sathlariga ta’sir qiluvchi me’yoriy yuklanishlarni ortib ketishiga sabab bo‘luvchi qurilma va asboblarni qo‘llash;

2) tutash va yuqoridagi (pastdagi) xonalarga zarar yetkazilishini oldini oluvchi maxsus tadbirlarsiz ishlash;

3) evakuatsiya yo‘llarini, boshqa umumiy foydalanish joylarini (zinapoya maydonchalari, umumiy yo‘laklar, pod’ezd, ayvon va boshqa xonalar), shuningdek turar joy binosi atrofidagi hududni to‘sib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ko‘p qavatli binolarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilishi uning seysmik mustahkamligi hamda zilzilabardoshligiga jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazadi.

Yuqorida keltirilgan manzildagi obyektlarda ushbu normalarning barchasi buzilgan, shu sababli mazkur obyektlar shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda.

Ya’ni, tadbirkorlarga nisbatan hech qanday noqonuniy hatti-harakatlar, qilingani yo‘q, balki, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi asosida tegishli choralar ko‘rilmoqda".

Bayonotda ushbu vaziyatni o‘rganish va tegishli choralarni ko‘rish Toshkent hokimligi tomonidan amalga oshirilgani alohida qayd etilgan. Mazkur jarayonda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining mutasaddilari ishtirok etmagan va ko‘rsatma bermagan.

Shu kuni Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati 28-may kuni bosh vazir Abdulla Aripovning poytaxt hokimi v. b. bilan birgalikda M1 dahasiga borgani va uylarning birinchi qavatidagi kafe va do‘konlarni buzish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergani haqidagi xabarlarni rad etdi.

28-may kuni bosh vazir avvaldan rejalashtirilgan jadval bo‘yicha Samarqandda bo‘lgani ma’lum qilindi. “Vazirlar Mahkamasining birorta mutasaddisi ko‘rsatma bermagan va Toshkent shahar hokimligi tomonidan olib borilayotgan tadbirlarda ishtirok etmagan”, — deyiladi xabarda.

“Gazeta.uz” muammo haqida yozgan edi

2020-yilning noyabr oyida “Gazeta.uz” saytida huquqshunoslar Ilhom Azizov va Umida Haqnazar bilan uylarning birinchi qavatidagi turar-joy binolarini nazoratsiz rivojlantirish va noturarjoy binolariga o‘tkazish muammosini M1 dahasi misolida hal qilish yo‘llari haqida katta intervyu e’lon qilingan edi.

м1 dahasi, snos

Urbanist Iskandar Soliyev tashqiy ayvonlari buzilayotgan ko‘chadagi buzilmay qolgan obyektga e’tibor qaratdi. Uning ma’lum qilishicha, mazkur obyektning kadastr hujjatlari mavjud ekan.

Do‘kon va qahvaxona joylashgan mazkur bino to‘g‘ridan-to‘g‘ri chorraha ustiga qurilgan bo‘lib, bu yerda piyodalar yo‘lagi mavjud emas hamda piyodalar mashinalar qo‘yib ketilgan joyda yo‘lning qatnov qismidan yurib, reklama konstruksiyalari va daraxtlar ko‘rish darajasini cheklab qo‘ygan bir holatda o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yishga majbur bo‘lmoqda.

“Bizning qurilishdagi qonunlar, normalarni ko‘plab joylari noto‘g‘riligi yoki eskirgani hamda uni ko‘rib chiqish kerakligiga bir misollaridan biri”, — deydi urbanist.

U hududga to‘satdan kelib “snos” qilish emas, aksincha qandaydir strategiya bilan keyinchalik qanday tarzda rivojlanishini hisobga olib qilish kerakligi, hokimiyat, aholi va tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotning muhimligini ta’kidladi.