Singapur prezidenti Halima Yaqub O‘zbekistonga davlat tashrifini yakunlab, 25-may kuni Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasining HY511 Toshkent-Seul reysi bilan Boeing 787 Dreamliner samolyotida mamlakatdan jo‘nab ketdi.

“Gazeta.uz” Halima Yaqub va uning turmush o‘rtog‘i Mohammed Abdullah Alhabshi 23-may kuni Uzbekistan Airways samolyotida Ostonadan Toshkentga uchgani haqida yozgandi.

Tashrifning asosiy tadbirlari, jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar va ikki mamlakat biznes-forumi 24-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.

25-may kuni Halima Yaqub “Afrosiyob” tezyurar poyezdida Samarqandga bordi va u yerdan kechki payt poytaxtga qaytdi.

Singapur prezidenti tashrif yakunlarini sarhisob qilar ekan, safar samarali o‘tganini ta’kidlab, O‘zbekiston Singapur tajribasini o‘rganishga xayrixoh bo‘lgani, shuningdek, Singapur kompaniyalarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini ta’kidlab o‘tdi.

Vikipediya ma’lumotlariga ko‘ra, Singapur prezidenti, bosh vaziri va rasmiylari odatda Singapore Airlines milliy aviakompaniyasi yoki boshqa tashuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan rejalashtirilgan yo‘lovchi reyslarida sayohat qiladi. Zarur hollarda Singapur hukumati mamlakat qurolli kuchlarining Airbus A330 MRTT va Fokker 50 samolyotlaridan foydalanishi mumkin.