Gruziyaning TBC Bank Group banklar guruhi Payme to‘lov xizmatining (Inspired MCHJ) 100 foiz ulushiga ega bo‘ldi, deya xabar qildi xolding kompaniyasi matbuot xizmati.

2019-yil aprelida Payme`ning 51 foiz ulushiga ega bo‘lgan TBC qolgan 49 foizini 55,7 mln dollarga sotib oldi. Mablag‘ 10 bank kuni ichida to‘lanadi. Natijada Payme kapitallashuvi 113,6 mln dollarga baholandi.

Bitimgacha 49 foiz ulush Abdulaziz Abdulahadov (15 foiz), Sarvar Ro‘zmatov (15 foiz), Farrux Ziyayev (7,5 foiz) va yana ikki jismoniy shaxs (11,5 foiz) o‘rtasida taqsimlangan edi.

TBC Bank bosh direktori Vaxtang Butsxrikidzening ta’kidlashicha, qolgan ulushlarning xarid qilinishi O‘zbekistonda yetakchi fintex-ekotizimini yaratish bo‘yicha ilgari belgilangan strategiyaga mos keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning aprel oyida TBC Payme`dagi 51 foiz ulushini 5,5 mln dollarga sotib olgan, kompaniyaning qiymati 10,8 mln dollarni tashkil etgan edi, bu joriy bahodan 10 baravar kam.

2018-yil yakuniga ko‘ra Payme yalpi aktivlari 700 ming dollar, 2018-yilning to‘liq yilida jami tushum va soliqdan oldingi foyda 1,6 mln dollar va 0,8 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yil oxirida u mos ravishda 17,5 mln dollar va 11,4 mln dollarni tashkil qilgan. Ushbu davrda faol foydalanuvchilar soni 1,3 mln dan 3,1 mln kishiga ko‘paydi.