Qashqadaryoda davlat bayrog‘i rangidagi tasma taqqan yigit ishi yuzasidan ichki ishlar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha Qamashi tumani prokuraturasi tomonidan taqdimnoma kiritildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Hozirda Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan ularga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

7-may kuni Qamashi tumanidagi bozorda IIO xodimlari O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi tasma taqqan yigitni qo‘lga olgandi. U tasmani yechishdan bosh tortgan, shundan so‘ng yigit bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, sudga taqdim etish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Biroq shu kunning o‘zida Bosh prokuratura yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qarorni bekor qilgan. “Yuksalish” harakati esa noqonuniy talab qo‘ygan IIB xodimlari va noqonuniy qaror qabul qilgan sud harakatlariga qanday baho berilganiga qiziqib, ish tafsilotlarini oshkor qilishga chaqirgandi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi tasmalardan maktablarda o‘quv yili yakunlangan kuni, shuningdek, 9-may — Xotira va qadrlash kunida keng qo‘llaniladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zLiDeP bayroqdan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish, fuqarolarga undan erkin foydalanish, xususan, uni o‘z uyi va ish joylariga o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bog‘liq javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish ham taklif qilindi.

Hozirda O‘zbekiston bayrog‘idan faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, shuningdek, bayramlar kunlari asosiy ko‘chalarda foydalanishga ruxsat beriladi.

Sudyalar olish kengashi Bobur Bekmurodovning posti bo‘yicha munosabat bildirdi.

“Yuqorida qayd etilgan ma’muriy huquqbuzarlikka oid qaror sud majlisida ko‘rib chiqilgunga qadar prokuratura organi tomonidan bekor qilingan. Bu o‘z-o‘zidan ushbu ish sudda mazmunan ko‘rib chiqilmagani va hech qanday sud hujjati qabul qilinmaganini anglatadi. Shu bois holat yuzasidan sudning harakatiga baho berish uchun xizmat tekshiruvi o‘tkazishga asos yo‘q”, — deyiladi unda.