11-may kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Plenumda partiyaning bo‘lajak s’ezdida O‘zbekiston prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Xamzayev Abdushukur Xudoykulovichni ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Abdushukur Xamzayev 1973-yilda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan. 1995-yil Samarqand qishloq xo‘jalik institutini, 2013-yil Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi agronom olim. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor hisoblanadi.

Mazkur lavozimgacha u 2022-yil iyun oyidan buyon Ekopartiyaning Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan. Oilali, uch nafar farzandi bor.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 9-iyul kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Saylov kampaniyasi 10-maydan boshlandi. MSK saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqladi.

Partiyalar o‘z vakolatli vakillarini ro‘yxatga olish uchun 13-maygacha murojaat qiladi. Saylovda ishtirok etish uchun hujjatlarni esa 15-maygacha MSKga yuborishi kerak. 17-maydan 1-iyungacha partiyalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatishlari mumkin. Nomzodni ro‘yxatga olish haqidagi hujjatlarni taqdim etish — 2-iyun kuni yakunlanadi.

MSK tomonidan prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish 6-iyungacha amalga oshiriladi.