YouTube`dagi nashidani Telegram guruhga yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodovning 3 yilga qamalgani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi esa “tergov idoralari uning harakatlarini to‘g‘ri malakalagan”, deya xabar berdi.

Yigitning onasi Gulchehra Umarova o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oliy sudga videomurojaat yo‘lladi.

“Nashida nima ekanini men ham, o‘g‘lim ham bilmas edik”

Onaning so‘zlariga ko‘ra, Jahongir — oilada to‘ng‘ich farzand. Ayolning o‘zi shifoxonada, turmush o‘rtog‘i obodonlashtirish bo‘limida ishlaydi. “O‘g‘lim universitetda o‘qiydi. Oilada eng katta farzandim, bolam unaqa yomon bola emas. Ishonaman, u mening g‘ururim”, — deydi ona.

Gulchehra Umarovaning aytishicha, 2022-yilning kuzi o‘rtalarida u ishdan — smenadan qaytib, uxlab yotganida farzandlari uylariga ikki kishi kelganini aytib, uni uyg‘otgan.

“Chiqsam, „Jahon sizning o‘g‘lingizmi?“ deyishdi. Ular o‘zini tanishtirdi va dachada o‘g‘rilik bo‘lgan deyishdi. Men o‘g‘lim o‘g‘rilik qiladigan bolamas, u o‘qiydi, ishlaydi, kechqurun keladi, deb aytdim. Ular esa „o‘sha yerda Jahon, Jahon, deb baqirishgan, mahalladagi hamma Jahongirlarni terib ketyapmiz“, dedi. O‘g‘limga telefon qilib, dachada o‘g‘rilik bo‘lgan ekan, chaqiryapti deb aytdim. Keyin Furqat degan bola farzandim bilan gaplashib, unga boradigan joy manzilini yuborishini, aytilgan joyda uchrashishlarini ta’kidladi. Furqat degan bolaga o‘g‘limni kechgacha ushlab turmanglar, javob berib yuboringlar, dedim. Ular ketishganidan keyin juda ko‘p telefon qildim, hech kim ko‘tarmadi”, — deydi u.

Onaning qayd etishicha, o‘sha kuni soat 00:00 ga yaqin o‘g‘lining o‘rtog‘ining onasi kelib, “o‘g‘lingiz nima qilib qo‘yganini bilasizmi?” deya janjal ko‘targan.

“Ichkariga olib kirdim, nima ekanini hatto tushunmay qoldim. Ular „nashida, nashida“ deb aytishdi. Men hatto nashida nima ekanini bilmayman, u nashida degani qo‘shiq, she’r degani ekan. O‘zimning umuman dindan xabarim yo‘q. Keyin Jahongir bir soatlarda keldi. Men u nima edi deb so‘radim. Jahongir „Aya, men ham bilmayman nimaligini, men uni qo‘shiq deb eshitganman, qo‘shiq, qo‘shiq“ deb aytaverdi. Hatto u qanaqa qo‘shiq ekan deb ko‘rishga dadasi ruxsat bermadi. „Sen bolani o‘qitaman, oliy ma’lumotli qilaman deb qo‘ymading, xarob qilding bolani“, dedi, uyda har kuni urish, har kuni shu mavzu”, — deydi ayol.

Uning aytishicha, o‘g‘li Jahongirni sentabr oyida ishxonasidan chaqirib, o‘g‘rilik bilan, deb aytib olib ketishgan. Kechqurun uyga qaytganida esa “nashida” deb aytishgan.

“Fevral oyining 24-sanasida men ishxonada edim, kechqurun uyga keldim. Olib ketgan bolalar telefon qildi-da, „o‘g‘lingizga tusha olmayapmiz, o‘g‘lingiz kerak“, deyishdi. Dadasi Jahongirning telefonini olib qo‘yishgani, qo‘lida telefoni yo‘qligini aytdi. „Uning telefonini olib qo‘ygan ekansizlar, qanday tushasizlar?“ deb aytdim. Dadasi ularga ishxonasidan ikki kishining raqamini berdi. Jahongir ular chaqirgan joyga borgan. Kechqurun soat 23:30 larda „aya, 48 soat shu yerda meni ushlab turarkan, xavotir olmanglar“, deb aytdi”, — deydi u.

Gulchehra Umarovaning qayd etishicha, ertasi kuni advokat Jahongir Ulug‘murodovning dadasiga telefon qilib, “men davlat advokatiman, o‘g‘lingizga tayinlanganman, xohlasangiz, boshqa joydan ham advokat topishinglar mumkin”, degan.

“O‘sha kundan keyin o‘g‘limni ochiqlikda ko‘rmadim, faqat tergov payti ikki marta uchrashuvga borganda ko‘rdim. Tergov vaqti advokat bizni chaqirishini aytishgandi, ammo chaqirmadi. Faqat tergov tugatildi, deb advokat telefon qildi. Shundan keyin faqat sud payti ko‘rdim, ikki marta sud bo‘ldi. Davlat tarafidan berilgan advokatga tergov uchun 3 mln so‘m, sudga qatnashgani uchun 3 mln so‘m berdim. O‘zimiz advokat yollashga qurbimiz yetmaydi. Suddan oldin advokat bilan ikki marta uchrashganman. Advokat menga „bolangizni olib chiqib bera olmayman, faqat yilini kamaytirib bera olaman“, dedi. Sud kuni ham shu gapni qaytardi”, — deydi ona.

Gulchehra Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, sudda tergov qilingan bolalarning hammasi nimani bilgan bo‘lsa, bir xil gapirib bergan, barchasining fikri bir xil bo‘lgan.

“Sudya bolalarga „Oldin bu qo‘shiqni eshitganmisizlar?“ deb savol berdi. Bolalar „Bu qo‘shiqni eshitmaganmiz, eshitgan bo‘lsak, tergov payti o‘zlari qo‘yib berishdi“, deb aytishdi. O‘zimning ukamning qizi ham shu guruhda bo‘lgan. U ham bu guruhni ochmagan. Biz bu qo‘shiqni eshitmaganmiz, deb sudda ko‘rsatma berdi. Mahalla bolani kafillikka olamiz deb boshidan aytgan. „Bu bolada hech qanday ayb yo‘q, bitta qo‘shiq uchun qamalib ketmasin“, deb kafillikka turib berdi. Repetitor o‘qituvchisi ham kafillikka turib berdi. O‘zim institutga borib, bolam to‘g‘risida tavsifnoma oldim, ishlaydigan joyi — Qamar do‘koni xodimlari ham u haqda yomon gap gapirmadi, tavsifnoma berishdi”, — deydi ona.

“O‘g‘limga yana bir imkon beringlar”

Jahongir Ulug‘murodovning onasi farzandiga yana bir marta imkon berilishini so‘rab, mamlakat prezidenti hamda Oliy sud, IIV rahbariyatiga murojaat qildi.

“Dardimni eshitadigan biror odam bormi? Agar qo‘llaringizdan yordam berish kelsa, yordam beringlar. Bandasi biror og‘ir ish qilsa, tavba qilsa, Xudo kechirarkan. Bolam sud zalining o‘zida kechirim so‘radi. Shu qo‘shiq shunchalik qadrli ekan, inson qadri qayerda qoldi? Kechirmasdan 3 yil berib yuborish odamgarchilikdanmi, insofdanmi? Sizlarning ham bolalaring bormi? „Buni qo‘shiq deb eshitganman“, dedi bolam. Agar o‘qimishli odam bo‘lganda ham shuni bilmasdi. Organ xodimlaridan so‘raganimda „o‘g‘ling namoz o‘qiydimi“ deb so‘raydi… Oynai jahon orqali adolat to‘g‘risida ko‘p gapiriladi, agar rostdan adolat bo‘lsa, hurmatli prezident sizga, Oliy sudga, ichki ishlarga iltimos qilaman, yordam beringlar, o‘g‘limga yana bir imkon beringlar. Bu imkoniyat faqat o‘g‘lim uchun emas, men uchun ham berilgan bo‘ladi. Bu holatimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman”, — degan ona o‘z murojaatida.

Gulchehra Umarovaning qayd etishicha, ularning oilasida hech kim oliy ma’lumotga ega emas.

“Bolalarim o‘qisa, meni kambag‘allikdan olib chiqib ketadi, deb harakat qilganman. Chunki maktabda yaxshi o‘qiganimga qaramay, institutlarga kirish nasib qilmagan, imkonimiz bo‘lmagan. Dadam ukamga faqat „o‘g‘rilik qilma, birovni urma, birovga yomon gapirma“ deb aytardi. Men ham bolamga faqat shu narsalarni aytibman, birovning haqiga xiyonat qilma, birovni urma, debman. Men ham shu odamlarga o‘xshab oliy ma’lumotli bo‘lganimda, balki telefonda shunaqa narsalar borligini bilganimda, bolamga shu narsalarni uqtirgan bo‘lardim”, — deydi talabaning onasi.

Ayol o‘z video chiqishida nashida bilan bog‘liq qator savollarni o‘rtaga tashladi.

“O‘sha nashida mumkinmasligi nega shu paytgacha aytilmagan? Nega televizorlarda aytilmaydi, hamma kanallarda serial, reklamalar bo‘ladi-ku? Nega reklamalar orasida shu narsalar mumkinmasligini ko‘rsatishmaydi? Biz qayerdan bilamiz, bolam qayerdan biladi u nashida ekanini, mumkin emasligini?” — deydi ayol.

“Bolam yomon bola emas, yomon yo‘lga kirmagan, har kuni uyga keladi, ovqatini yeb, ukasi bilan o‘ynab o‘tiradi. Arab tilini bilmaydi, ingliz tilida biroz gapirishga harakat qiladi. Ukalariga matematika, ingliz tilidan o‘rgatadi. Uch farzandim bor — kattasi Jahongir. Keyingisi 16 yosh. Eng kichik farzandim 5 yosh. Uni bog‘chaga qo‘yish niyatim yo‘q edi, Jahongir „Aya, biz bog‘chaga bormaganmiz, men ro‘zg‘orga qarashyapman, ukamni bog‘chaga qo‘ying, til o‘rgansin“ deb aytgani uchun bog‘chaga qo‘ygandim. Endi ro‘zg‘orga yordam berayotgandi”, — deydi u.

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, ish hujjatlariga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X smartfoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda uning foydalanuvida bo‘lgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak, rozi bo‘lingiz” nomli jihod va hijratga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan Alhamdulillah nomli guruhga tarqatgani aniqlangan.

Shu sababli yigitga tegishli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani sudining 8-maydagi hukmiga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti — tugallanmagan oliy)ga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.