Yevropa Ittifoqi davlatlari 10-may kuni Rossiyaning Ukrainadagi urushi munosabati bilan yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda, bu uchinchi davlat kompaniyalariga qaratilgan bo‘lib, savdo cheklovlarini buzgani uchun ularga eksport bo‘yicha cheklovlar kiritadi, deb yozmoqda Reuters.

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen avvalroq yangi sanksiyalar Rossiyaning mavjud savdo cheklovlarini chetlab o‘tishni to‘xtatishga qaratilgani va ular G7 davlatlari bilan “yaqin hamkorlikda” ishlab chiqilganini aytgandi.

“Agar biz tovarlar Yevropa Ittifoqidan uchinchi davlatlarga ketayotganini, keyin esa Rossiyaga yetib borishini kuzatsak, a’zo davlatlarga ushbu tovarlarni eksport qilishga ruxsat berishni taklif qilishimiz mumkin. Bu vosita so‘nggi chora bo‘ladi va undan ehtiyotkorlik bilan foydalaniladi”, — deya Ursula fon der Lyayenning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Yevropa komissiyasi tomonidan tayyorlangan taklif bilan tanishgan agentlik manbalarining ta’kidlashicha, qora ro‘yxatga “o‘nlab” yangi kompaniyalar, jumladan, Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Yevropa Ittifoqi davlatlaridan sanksiya qo‘yilgan tovarlar importi ko‘payib borayotgan davlatlarga safari doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Yevropa Ittifoqidan O‘zbekiston hududi orqali bunday tovarlar eksporti 126 foizga oshgan.

Uning ta’kidlashicha, gap yuqori texnologiyali blok-sxemalar, mikrochiplar, qurol-yarog‘lar, boshqaruv tizimlari, artilleriya va qanotli raketalar uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan optik jihozlar haqida ketmoqda.

“Bu mahsulotlarni biz Rossiya harbiylaridan tortib olingan, qo‘lga kiritilgan harbiy texnikalarda topmoqdamiz. Bilamizki, ular ukrainaliklarni o‘ldirish uchun bir qator mahsulotlar va qurol qismlaridan foydalanadilar. Va shuning uchun biz ushbu mahsulotlarni chegaralar orqali olib o‘tishga alohida e’tibor berishni so‘radik”, — deb tushuntirdi Yevropa Ittifoqining maxsus vakili.

Uning tashrifi davomida O‘zbekistonda ham davlat tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlari uchun sanksiyalar bo‘yicha o‘quv seminarlari o‘tkazildi, unda Yevropa eksporti bilan qanday harakatlar noqonuniy ekani va sanksiyalarni chetlab o‘tishga birgalikda qanday qarshi kurashish kerakligi tushuntirildi.

Mart oyi oxirida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga “ikki maqsadli” texnologiyalarga ega uskunalar sotib olishga yordam beradigan davlatlarga savdo cheklovlarini joriy etishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.