O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-iyundan jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini (p2p o‘tkazmalari) amalga oshirishda elektron hisobvaraq-faktura berish tartibini bekor qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu davlat rahbarining 8-maydagi Konstitutsiyaning yangi tahririni amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Qaror “mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida” qabul qilindi. Chunki bu tartib yangi Konstitutsiyaning 41-moddasiga (bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi) zid keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-maydan boshlab to‘lov tashkilotlari p2p pul o‘tkazmalarini amalga oshirayotganda xizmat uchun elektron hisob-fakturalarni (ESF), shu jumladan nol komissiya bilan rasmiylashtirishi va taqdim etishi shart. Ya’ni, o‘tkazmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlariga o‘tkazilishi kerak.

Mazkur tartibni joriy etish O‘zbekiston prezidentining 10-fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan. Ammo Adliya vazirligi ekspertiza o‘tkazganida ushbu norma hujjatda bo‘lmagan, Markaziy bank bilan ham kelishilmagan. Ushbu tartib Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan hujjatga kiritilgan.

Yaqinda Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratov regulyator ushbu normaga salbiy munosabatda ekanligini va uning pozitsiyasi “ommaviy axborot vositalaridagi muhokamalardan ko‘ra keskinroq” ekanini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, banklardan p2p o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumot so‘rash uchun tegishli qoida qabul qilinishi kerak, uni esa Markaziy bank roziligisiz banklarga o‘tkazib bo‘lmaydi.

“Yuksalish” harakati ham kartadan kartaga o‘tkazmalarni soliq nazorati ostiga olish naqd pulga bo‘lgan talabning oshishiga olib kelishi, bank tizimidagi mablag‘lar norasmiy bozorga o‘tishi haqida ogohlantirdi.