O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan 5-may kuni o‘tkazgan uchrashuvda mamlakatda futbolni ommalashtirish va yirik tadbirlarni birgalikda o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

жанни инфантино, ўзбекистон, фифа, шавкат мирзиёев

Qayd etilishicha, nufuzli global sport tashkiloti rahbari O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish, unga yoshlar va qizlarni keng jalb qilish, iste’dodlarni tarbiyalash, ommabop va zamonaviy infratuzilmani yaratish, malakali murabbiylar va soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni yuksak baholadi va to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

“Janni Infantino O‘zbekiston yetakchisini yoshlar terma jamoamiz yaqinda Osiyo Kubogida g‘alaba qozongani bilan samimiy tabrikladi. Bu sohada amalga oshirilayotgan amaliy ishlar samaradorligining navbatdagi tasdig‘i ekanini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va FIFA o‘rtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlik yuksak darajada ekani, uning doirasida bugungi kunda mamlakatda zamonaviy futbol klasterini tashkil etish choralari ko‘rilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekistonda jahon miqyosidagi sport tadbirlari va birinchiliklariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish, milliy terma jamoani tayyorlash, infratuzilmani rivojlantirish va Assotsiatsiya salohiyatini oshirishga texnik ko‘makni kengaytirish hamda iqtidorli futbolchilarni seleksiya qilish tizimini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati e’lon qilingan fotosuratlardan birida Janni Infantinoning Shavkat Mirziyovga uning familiyasi hamda tug‘ilgan kuniga (24-iyul — tahr.) mos 24 raqami tushirilgan futbolka tortiq qilgani aks etgan. Avvalroq FIFA rahbari Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayevga ham uning familiyasi hamda 10 raqam tushirilgan futbolka hamda FIFAning ramziy to‘pini hadya qilgan edi.