“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruvi raisi, poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev so‘nggi paytlarda “gormoshka” avtobuslar bilan bog‘liq noxush holatlar yuzasidan “Gazeta.uz” muxbiriga izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ajratilgan chiziq bo‘ylab harakatlanayotgan ikkita yangi “King Long” avtobusi gaz ballonlarining qobig‘i daraxtga urilib, gaz uskunasi avtobuslarning tomidan uchib ketgandi.

“24-yo‘nalishda 18 metrli avtobus ustidagi gaz ballon uskunasining himoya korpusi tushib ketgan. Bunga sabab chinor shoxlari bo‘ldi, keyin obodonlashtirish boshqarmasi bilan birga daratning ortiqcha shoxlarini olib tashladik, — deydi Anvar Jo‘rayev. “Ammo bu daraxtning tanasi yo‘lga egilib turganini hisobga olib, biz yo‘l belgilarini Yo‘l harakati boshqarmasi bilan birgalikda ko‘rib chiqyapmiz. O‘sha qismdagi yo‘l tasmasini qaytadan chaproqqa surib, chizib chiqamiz. Shunda bu daraxtni chetlab o‘tish va kelajakda daraxt va avtobus o‘rtasida to‘qnashish holatlarning oldini olish mumkin bo‘ladi”.

Transport departamenti rahbari ilk bor 26-aprel kuni 93-yo‘nalishdagi avtobus bilan sodir bo‘lgan shunday holatga ham izoh berdi. Anvar Jo‘rayevning ta’kidlashicha, o‘shanda faqat novdalar tegib ketgan, bu esa transportga jiddiy zarar etkazmagan.

“Biz avtobuslarni yo‘lga qo‘yishdan oldin idoralararo ishchi guruh tuzgandik. Obodonlashtirish boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi va „Toshshahartransxizmat“ bilan hamkorlikda har bir yo‘nalish bo‘ylab aylandik, [juda katta sig‘imli] avtobuslarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlarni, burilish, qayrilish imkoniyatlarini o‘rgandik. Ko‘chalarning barcha parametrlari ulardagi bo‘g‘inli avtobuslar harakatiga mos keladi. Ajratilgan chiziqlar ularning qayrilishi uchun ham yetarli. Ijtimoiy tarmoqlardagi tafovut haqida yozilgan fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deya ta’kidladi Anvar Jo‘rayev.

“Inson omili bor. Tan olishimiz kerakki, uzoq vaqt davomida bizda ayniqsa katta sig‘imli avtobuslar bo‘lmagan, [shuning uchun] bu avtobuslarda ishlaydigan haydovchilar kimnidir urib yuborish yoki biror narsaga urilishdan qo‘rqishadi va shuning uchun ular qayrilayotgnanda kattaroq radiusda qayrilishadi. Lekin shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, 18 metrli yoki elektrobus va boshqa yangi avtobuslarga o‘tirgan har bir haydovchi o‘qitilgan”, — dedi boshqarma boshlig‘i.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi “Sharqiy” aeroportda Xitoydan sakkiz nafar instruktor ishtirokida haydovchilarning malakasini sinovdan o‘tkazish va tekshirish platformasi yaratilgan. Ular toshkentlik haydovchilarni 18 metrli avtobuslar, elektrobuslar va gazli avtobuslarni boshqarishga o‘rgatishdi. Faqat treningdan keyin ularga haydovchilik sertifikatlarini berishdi.

“Biz xitoylik hamkasblarimiz bilan liniyalarga boramiz, ular haqiqiy yo‘lda haydovchining marshrutda qanday haydashini kuzatadi va tavsiyalar beradi. Qolaversa, parallel ravishda ko‘rsatma beramiz”, — deya xulosa qildi Anvar Jo‘rayev.