Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi O‘zbekistonda qizamiq bilan kasallanganlar soni ortayotgani bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ma’lumot berdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) kizamiq va qizilcha kasalligi bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoning 150 dan ortiq mamlakatida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib turibdi.

2022-yil yakuni bo‘yicha dunyo bo‘yicha 155 ming holatda qizamiq kasalligi ro‘yhatga olingan.

2023-yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonda 37 nafar bemorda qizamiq kasalligi tasdiqlangan.

Qizamiq bo‘yicha murakkab epidemik vaziyatning oldini olish maqsadida respublikada 2022-yilning 16-noyabr — 30-dekabr kunlari 6 oylikdan — 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qizamiq-qizilchaga qarshi ommaviy emlashlar o‘tkazilgan. Emlash tadbirlari natijasida rejadagi 3 355 900 nafar bolalarning 3 303 582 nafari yoki 98,4% emlash bilan qamrab olingan va hozirda ham emlash ishlari davom ettirilmoqda.

Qo‘mita “hozirda respublikada kasallikka qarshi barcha zarur profilaktik choralar ko‘rilayotgani, epidemik vaziyat barqaror va to‘liq nazoratga olingani”ni ma’lum qildi.

Avvalroq O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan JSSTning Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanish holatlari ko‘paygani haqida yozgandik. Tashkilot ma’lumotida, shuningdek, O‘zbekistonda uch oy davomida 26 ta (o‘tgan yili — 8), Tojikistonda — 199 (451) holat tasdiqlangani keltirilgan.

2017-yilda JSST O‘zbekistonni rasman qizamiq va qizilcha kasalligidan xoli davlat deb tan olgandi. Biroq 2018-yildayoq mamlakatda qizamiq bilan kasallanish holatlari yana aniqlangan. 2019-yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holatlar chetdan olib kelinganini ma’lum qilgan.