O‘zbekiston 2023-yilning birinchi choragida gaz, ko‘mir, neft va neft mahsulotlari importini keskin oshirdi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlarida aks etdi.

Uch oy ichida 152,9 million dollarlik gaz import qilingan, biroq yetkazib berish hajmining deyarli hammasi mart oyiga to‘g‘ri kelgan — 151,2 million dollar. Bu 2022-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 2,6 barobar ko‘p, shuningdek, o‘tgan yil davomida ushbu xomashyo importining yarmidan biroz ko‘proq (281,9 million dollar).

Yanvar oyida gaz eksporti 3,7 million dollarni, fevralda 3,7 million dollarni va mart oyida 20,4 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, Xitoy bojxona statistikasiga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoyga gaz eksport qilmagan. Katta ehtimol bilan qo‘shni davlatlarga, jumladan, Qirg‘izistonga yonilg‘i yetkazib berish amalga oshirilgan.

Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston 45,2 million dollarlik (yanvarda 13,2 million dollar, fevralda 16 million dollar, martda 16 million dollar) ko‘mir import qildi, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 61,7 foizga ko‘p.

Neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmi 43,3 foizga oshib, 510 million dollarni tashkil etdi (yanvarda 135,1 million dollar, fevralda 152,5 million dollar, martda 222,4 million dollar).

Yanvar oyida Statistika agentligi elektr energiyasi importi va eksporti bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmadi. Fevral-mart oylarida O‘zbekiston 34,4 million dollarlik elektr energiyasini import qilgan va 18,9 million dollarga eksport qilgan.

Shunday qilib, O‘zbekiston ushbu energiya resurslarini import qilish uchun 742,5 million dollar sarfladi, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan qariyb 2 barobar ko‘p.

Gaz, elektr energiyasi va ko‘mir importining o‘sishi ularni mahalliy ishlab chiqarishning qisqarishi fonida sodir bo‘lmoqda. Avval xabar berganimizdek, birinchi chorakda respublikada gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga, mart oyida esa 12,9 foizga kamaygan. Uch oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 5 foizga kamaydi. Issiqlik energiyasi va ko‘mir ishlab chiqarish ham kamaygan.