Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 15 yoshli qiz 11 erkak tomonidan zo‘rlangani aytilgandi. Voqea yuzasidan “Gazeta.uz” qizning ayol qarindoshi bilan suhbatlashdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 23-iyul kuni 11-sinf o‘quvchisi 2007-yilda tug‘ilgan qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lib, uni videoga yozib olgan. Keyin u yozuvni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, shantaj qilgan.

“Ular bir-birlari bilan do‘st bo‘lgan. Kechqurun birga sayrga chiqqanida yigit qizning telefonini olib qo‘ygan, masxara qilib, qaytarib bermagan. Keyin uyga sudrab kirib, zo‘rlab, tashqariga chiqarib yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, jarayonni yigitning do‘sti videoga tushurib olgan. Ertasi kuni maktabda ular videoni turli intim kanallarda tarqatish va yozuvni qizning ota-onasiga ko‘rsatish bilan tahdid qilgan. Yigit qizga agar kechqurun ko‘chaga chiqsa o‘zining oldida videoni o‘chirib tashlashini aytgan. Qiz rozi bo‘lgan. Kechqurun yigit videoni o‘chirib tashlayotganini aytganida qiz unga yaqinlashgan. Shu vaqt yigit uni ushlab, boshqa yigitlar kutib turgan uyi yonidagi bog‘ga sudrab ketgan”, — dedi qizning qarindoshi.

Ayolning aytishicha, jiyanini 20 kun davomida har 2−3 kunda zo‘rlab kelishgan. Vaziyat ma’lum bo‘lgach, 13-avgust kuni yaqinlari Yangiariq tumani ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan.

“Ular 11−12 yigit bo‘lgan. Ulardan ba’zilari oilali ham bo‘lgan. Ulardan biri 11-sinfda o‘qigan, qolganlari 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklar bo‘lgan. Hattoki, qizning uzoq qarindoshi, xolasining kuyovi ham bo‘lgan… Avval Yangiariq tumani IIBga murojaat qildik. Qayerda bo‘lmasin, bu holatga parvo ham qilishmadi. Shu bilan 8−9 oy o‘tdi. O‘zimiz ham tekshirgan bo‘lsakda, ekspertiza javobi hali ham chiqmadi, deyishdi. Ular voqea joyida ekspertiza o‘tkazishni xohlamadilar. Hamma dalil yerda ham, ko‘rpachada ham bor edi”, — deydi u.

Jabrlanuvchi qarindoshining aytishicha, o‘sha kuni (13-avgust) yaqinlari tuman prokuraturasiga, so‘ngra Xorazm viloyati prokuraturasiga, undan keyin Urganch tumani IIBga murojaat qilgan. “1000 (prezidentning xalq qabulxonasi — tahr.) ga ham qo‘ng‘iroq qildik. Jimlik”, — dedi u.

“Yangiariq tumani IIBda hamma bir-birini taniydi shekilli. Biz ko‘chada yurganimizda bu yigitlar tergovchilar bilan mutlaqo xotirjam, jilmayib suhbatlashib turishgandi. Ularga qarab „Qanday qilib? Bundan qizlar uyaladi“, — dedik. Ular gapimizga parvo qilmadi. Yangiariq prokuraturasiga ariza berdik. Prokuror, menimcha, uning ismi G‘ayrat edi, shunday dedi: „Bu sharmandalik sizlarga nimaga kerak? Nimaga ariza beryapsizlar? Bu qiz uchun umr bo‘yi dog‘ bo‘lib qoladi. U ertaga turmushga chiqadiku“. Biz unga qarata: „Agar jim tursak, keyin nima bo‘ladi? Bu jinoyatchilar jazosiz qolib ishlarini davom ettiraveradimi? Bu tez-tez bo‘lib turadimi?“, dedik” — dedi ayol.

Jabrlanuvchi qarindoshining aytishicha, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida “bunday holatlar kam emas, faqat hamma ham murojaat etavermaydi”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ammo bu 5,5 oyga to‘xtatilgan. Biroq arizachilarga ish bo‘yicha hujjatlarning nusxalari taqdim etilmagan.

4-aprel kuni Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova hududga kelganidan keyin ish qayta tiklandi. Shu kuni uch gumondorning qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ayolning ta’kidlashicha, ekspertiza atigi 3−4 nafar gumonlanuvchining aloqadorligini aniqlagan.

“Kecha bolalar ombudsmani ishtirok etgan suhbatda prokuror bizga: “Qizingiz nega kechki payt ko‘chaga chiqdi?”, deb so‘radi. Qiz kechqurun ko‘chaga chiqsa, uni zo‘rlash mumkin ekani haqida qayerda yozilgan? — dedi qizning qarindoshi.

Shuningdek, ayol qizni boshqa tumandagi boshqa maktabga o‘tkazishga to‘g‘ri kelganini, chunki avvalgi maktab ma’muriyati ularni bunga “majbur qilganini” aytdi.

“Maktab rahbariyatining aytishicha, tumandagi qizlar bundan xabar topsa, ularning xatti-harakati ham o‘zgarishi mumkin. Qizimiz juda xotirjam bo‘lsada, a’lochi, olimpiadalar ishtirokchisi, Kundalik (elektron kundalik — tahr.)da yuqori o‘rinlarni egallagan. Shu bilan birga, hech kim kelib, bu yigitlarni ayblamadi”, — dedi ayol.

Jabrlanuvchining qarindoshi yana qizning kechki payt ko‘chaga chiqqani haqida so‘ragan huquq-tartibot xodimlarining gaplariga e’tibor qaratdi.

“Hammasi nega qiz kechqurun chiqib ketganini so‘radi. Tushunmayapmiz. Nima, qizlar ko‘chaga chiqmasligi kerakmi? Ular: „Balki qizning o‘zi xohlagandir?“, deyishdi. Ha, 15 yoshli qiz 11 yigit uni zo‘rlashini xohlagan (istehzo bilan). Umid qilamizki, kimdir bizni eshitadi”, — dedi u.

Bolalar ombudsmani izohi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusovaning “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu band bilan aybdor deb topilgan shaxs 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bolalar ombudsmani Xorazm viloyati prokuraturasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan, shuningdek, jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha materiallar va murojaatlar taqdim etilishini so‘ragan.

“Voyaga yetmaganlar huquqlarini ta’minlash maqsadida barcha choralar ko‘rilishi uchun viloyat prokuraturasi vakillariga ham, ichki ishlar idoralari vakillariga tergov va jabrlanuvchining qarindoshining ko‘rsatmasi bo‘yicha o‘z tavsiyalarimizni berdik”, — dedi u.

Aliya Yunusova ishni alohida nazoratga olishlari uchun Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga ham xat yuborganini ma’lum qildi.

“Qiz kechki payt ko‘chaga chiqadimi, yo‘qmi, farqi yo‘q. Voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlikni hech narsa oqlab bo‘lmaydi”, — dedi u.

Bu ish o‘tgan yili oilaviy mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini 10 oyda davomida zo‘rlab kelgani aytilgan Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Anvar Kuryazov bilan bog‘liq shov-shuvli voqea fonida ma’lum bo‘ldi.

Ommaviy norozilikdan so‘ng prokuratura sud qarori ustidan protest kiritdi va 6-aprel kuni Oliy sud ishni qayta ko‘rib chiqishga qaytarish haqida qaror chiqardi.

Eslatib o‘tamiz, 6-aprel kuni Senat qonun hujjatlariga bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytiruvchi qo‘shimchalar kiritishni ma’qullagan edi.

Maqola tayyorlanayotgan vaqtda Bosh prokuratura qizning zo‘rlangani holati bo‘yicha 8 nafar shaxs gumonlanuvchi, 3 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinganini ma’lum qildi.